Avstriyada shifokorlar o‘rtasidagi Jahon chempionatining final bosqichi boshlandi.
Morell Cup turnir nomidagi turnirda O‘zbekiston shifokorlar terma jamoasi ham ishtirok etmoqda.
Jamoaning feysbukdagi sahifasida ma'lum qilinishicha, 9 iyul kuni bu jamoa ilk uchrashuvda maydonga tushdi.
A guruhidan o‘rin olgan terma jamoa ilk uchrashuvda AQSh vakillarini 4:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Zaltsburgdagi «Steinbergstadion» stadionida kechgan uchrashuvda O‘zbekiston vakillarining gollariga Servar Tolipov (dubl), Timur Qobilov va Iftixor Nig‘matov mualliflik qilishgan.
Guruhdagi ikkinchi o‘yinda Braziliya va mezbon Avstriya terma jamoalari 1:1 hisobida durang o‘ynadi.
10 iyul kuni bu terma jamoasi mezbonlar - Avstriya vakillariga qarshi maydonda saf tortishadi. Bu uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:00da boshlanadi.
Ma'lumot uchun, terma jamoaga «Bunyodkor»da faoliyat yurituvchi Sergey Chigodayev murabbiylik qilmoqda.
O‘zbekiston shifokorlar termasi tarkibi: Farhod Umarov, Farrux, Kamoliddin Davlatov, Fazliddin Nazirov, Nasriddin Hasanov, Laziz Yo‘ldoshev, Aziz Rahmatov, Rajab Ali Tojiyev, Elyor Ermakov, Ulug‘bek Rahimov, Rustam Yunusov, Antoniy Malkov, Lutfulla Maqsudov, Mahmud Malikov, Sergey Chigodayev.