00:10 / 10.07.2017
12508

O‘zbekistonda sinflardagi o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi kerak

Xalqaro Press-klubning so‘nggi sessiyasi "Senat 6 oyda: sarhisob va tahlil" nomi ostida o‘tdi. Yig‘ilishda bugungi kundagi ta'lim sohasidagi ba'zi jarayonlar borasida savollar bilan murojaat qilindi. Fan va ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Z.M.Nizomxo‘jayev quyidagilarni ma'lum qildi:

"Nazorat-tahlil jarayonida "Ta'lim to‘g‘risida"gi qonunni o‘rganib chiqdik. Mazkur qonunning joylarda ijrosini tekshirish jarayonida biz shunga amin bo‘ldikki, haqiqatan bugungi kunda nafaqat Toshkent shahrida, balki boshqa hududlarda ham maktablardagi o‘quvchilar sonining o‘sib ketganining guvohi bo‘ldik. Normativ-huquqiy hujjatlar asosida bu ko‘rsatkich bir sinfda 28-30 tadan oshmasligi kerak. Nazorat jarayonlari asosida qo‘mitamiz qarorlar ishlab chiqib, ular Vazirlar Mahkamasiga va Xalq ta'limi vazirligiga yuborilgan. 

Bugungi kunda Harakatlar strategiyasining ijtimoiy rivojlantirishga qaratilgan to‘rtinchi yo‘nalishida ham bu takliflar inobatga olinib, yangi maktablarning qurilishi va 2017 yilning o‘zida amalga oshiriladigan rekonstruksiyalar orqali maktablarning imkoniyatini oshirish, sinflarni kengaytirish bo‘yicha yangi imkoniyatlar yaratib beriladi va bu albatta o‘z samarasini beradi".

Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i H.Daminov bu borada qo‘shimcha qildi: "Joriy yilda umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risidagi nizom yangi tartibda ishlab chiqildi va u Vazirlar mahkamasining 140-sonli qarori bilan tasdiqlandi. Unga ko‘ra, maktablardagi sharoitlardan kelib chiqib, sinflardagi o‘quvchilar soni 35 nafardan oshmasligi kerak. 

Avvalgi qonun hujjatlariga ko‘ra, bir sinfda ta'lim oluvchi o‘quvchilar soni 35 nafar etib belgilanmagan. Bugunga kelib respublikamizda 9680 umumiy o‘rta ta'lim maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bulardagi mavjud quvvatlar O‘zbekistondagi 4 million 600 mingdan ortiq o‘quvchiga to‘liq mos keladi. Biroq ba'zi joylarda, masalan, uzoq chekka qishloqlarimizda 1-sinfga qabul qilinuvchi bolalar sharoit va imkoniyatdan kelib chiqib 40 nafargacha etib belgilangan. Bugungi kunda ta'lim sifatini inobatga olgan holda bu ko‘rsatkich 35 nafar etib belgilandi".

Shu o‘rinda ota-onalarga farzandlarini imkon qadar uyi yaqinidagi maktabga berish tavsiya etildi. 

Top