14:50 / 11.07.2017
55376

Hech kim isrof bilan odamlar orasida ibrat bo‘lolmaydi (video)

Illyustrativ foto

Donishmandlarning aytishicha, isrofgarchilik inson hayotiga kulfat olib keladi. Uni qashshoq va baxtsiz etadi. Isrof – nima o‘zi? Mana shu savolga Toshkent shahridagi "Kamoliddin Orif – Al Buxoriy" jome masjidi diniy xodimi Qobil qori Odiljon o‘g‘li bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida javob izladik.

- Avvalo shuni aytish kerak-ki, Islom isrofgarchilikdan qaytargan. Xalqimiz orzu-havasli xalq. Gohida mana shu orzu-havasni deb katta-katta xarajat etib, dabdabaga yo‘l qo‘yib, riyo qilib iqtisodiy qiyin ahvolga tushib qolgan xonadonlarga guvoh bo‘ldik. Hech kim ortiqcha xarajat bilan, isrof bilan odamlar orasida ibrat bo‘lolmaydi, - dedi Qobil qori Odiljon o‘g‘li. – Bu ishlarning oxiri yaxshilikka olib kelmaydi. Buning ortida qanchadan qancha zaxmat, tashvish yotadi. Qarzdorlikning o‘zi ham kishini ezib qo‘yadi. 

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, isrofgarchilik aksari holatlarda oilaning tanazzuliga olib keladi. Hammamiz bu dunyodan o‘tib ketamiz. Hazrati Luqmon o‘z o‘g‘iliga qarata aytgan ekanlar: “Bolam, yashaganda shundoq yashaginki, odamlar ko‘rganda yana bir bor shu insonni ko‘rsam, deya orzu qilsin. O‘lganda shundoq o‘lginki, nomingni yig‘lab tilga olishadigan bo‘lsin”.

Qobil qori Odiljon o‘g‘li bilan suhbatlashar ekanmiz, isrofning inson hayotida naqadar og‘ir uqubat ekanligiga, bu narsa yaxshilikka olib kelmasligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Suhbatning to‘liq hajmini YouTube’dagi sahifamiz orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Top