19:06 / 12.07.2017
11369

Farg‘ona viloyati hokimligi yoshlar uchun klassik konsert dasturi uyushtirdi

Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi konsert saroyining yozgi moydoni 9 iyun kuni ko‘plab farg‘onalik san'at shinavandalari bilan to‘ldi. Sababi Akmal To‘rayev ishtirokidagi orkestr jamoasi o‘zining ajoyib konsert dasturini ko‘plab tomoshabinlarga taqdim etdi.

Juzeppe Verdi kuylarining jo‘shqinligi va zavqi, Antonio Vivaldi musiqasining ulug‘vorligi, Botir Zokirov kuylagan qalbga qadrdon taronalar, Pyotr Chaykovskiy ijodidagi lirik ohanglar har qanday tinglovchini o‘ziga rom etmay qolmaydi.

Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilgan konsert dasturi “Fidoying bo‘lgaymiz seni O‘zbekiston” shiori ostida o‘tkazildi. Unda ustoz san'atkorlarning klassik durdonlari musiqa shinavandalariga havola etildi.

Sinfonik kamer orkestri o‘z taqdirini san'at bilan bog‘lagan yigit-qizlar jamoasi, deb atash mumkin. Istiqlolning bebaho ne'matlaridan bahra olib kamolga yetayotgan bu musiqachilar ishtirokidagi konsertlar, musiqiy loyihalar musiqa san'atini teran va mukammal anglash, uning ezgu g‘oyasini navqiron avlod qalbiga chuqur singdirishdek ezgu g‘oyalarga xizmat qilmoqda.

Ushbu konsert musiqa san'atining naqadar ulkan ma'naviy qudratidan, O‘zbekistonning iste'dodlarga boy ekanidan so‘zladi. Rang-barang musiqiy asarlarga boy dastur farg‘onaliklarga g‘oyat manzur bo‘ldi. Yoshlarning musiqaga bo‘lgan bunday intilishi ularga ko‘rsatilayotgan yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy namunasidir. 

Top