17:40 / 12.07.2017
10320

Qoraqalpog‘istonda noqonuniy ravishda qurol saqlagan fuqarolar aniqlandi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi xodimlari ayrim fuqarolar tomonidan o‘q-otar qurollarning noqonuniy saqlanishiga doir qonunbuzarlik holatlarini fosh qilishdi, deb xabar bermoqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

Xususan, fuqaro J.Tajimuratovning (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) yashash xonadoni amaldagi tartiblarga binoan va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, xonadonining xo‘jalik tomorqasiga eski kiygizga o‘ralgan holda 1 dona bir stvolli ov miltig‘i, 2 dona patron va 38 dona gilzalar ko‘mib qo‘yilganligi fosh qilindi.

Shu tarzda qonunbuzar hech qanday hujjatlari bo‘lmagan ushbu qurol-yarog‘larni nokonuniy ravishda saqlab kelgan.

Shuningdek, Qo‘ng‘irot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yana bir fuqaro O.Azamatovning ham yashash xonadoni amaldagi tartiblar asosida va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Natijada, bu yerda ham 1 dona bir stvolli ov miltig‘i va 3 dona gilzalar yashirin ravishda saqlanayotganligi aniqlandi.

Kegeyli tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A.Mambetov esa xonadonini ko‘zdan kechirish paytida “topilgan” 1 dona ikki stvolli ov miltig‘iga tegishli bironta ham hujjatni bojxonachilarga taqdim qila olmadi.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoiy ishlar qo‘zg‘atildi hamda sud tomonidan tegishli jazo choralari ko‘rildi.

Top