Hayotda shunday taqdirlar uchraydiki, ular millatidan, e`tiqodidan va ijtimoiy kelib chiqishidan qat`iy nazar kishilarga o'rnak bo'lishadi. Ular yashayotgan umr ko'pchilik uchun hayratlanarli tuyilsa-da, ammo haqiqat go'yo mana shu taqdirlar yordamida o'z aksini ko'rsatgandek bo'ladi.

Kuni kecha saytimiz orqali e`lon qilingan Duginlar oilasida mana shunday taqdir egalari istiqomat qiladi. Toshkent shahrining Mirzo Ulug'bek tumani, Mirzo Ulug'bek shaharchasida umrguzaronlik qilayotgan mazkur oilada 11 nafar farzand ulg'aymoqda. Ular 7 qiz va 4 o'g'il. Birinchi farzand 12 yoshda bo'lsa, kenjatoy hali 1 yoshga ham to'lmagan. Ayolning to'ng'ichi 2004 yilda, ikkinchi farzandi 2005 yili, uchinchisi esa 2006 yilda, barchalari noyabr oyining 18-sanasida tug'ilgan. Ella Duginaning turmush o'rtog'i xizmat safari bilan Rossiyaga ketgan. Qaynotasi esa qorovul bo'lib ishlaydi.

39 yashar oila bekasi Ella Dugina o'z hayoti haqida gapirar ekan shunday deydi: “Biz turmush o'rtog'im bilan besh yil ko'p qavatli uyda yashadik. Bu orada birin-ketin bolalarimiz dunyoga keldi. Shunda turmush o'rtog'im hovli sotib olishni qasd qildi. Bunga sabab u farzandlarimizni yerda mehnat qilib, qattiq ishlarga chiniqib, haqiqiy mehnatsevar insonlar bo'lib yetishishlarini istashligida edi”.

Ella Duginaning so'zlaridan, uning hayotdan rozi, oilasini qattiq sevishi, ko'ngli pok inson ekanligini shundoqqina bilinib turar edi. Na shikoyatni, na biror joyga yordam so'rab borishni va na norozilikni bilmagan bu ayol hayotdan ham, jamiyatdan ham rozi. Endi aytingchi, mana shu taqdir har narsadan noliydigan, shukrni bilmaydigan, doim qo'rquv va vahimada yuradigan, tirnoq ostidan kir qidiradigan odamlarga o'rnak bo'la olmaydimi?

Ayni kunlarda Ella Dugina o'z xo'jaligini kengaytirmoqchi. Bu orqali oilasining moddiy ta`minotini mustahkamlab, farzandlari uchun to'kin kelajak poydevori qo'yish niyatida. Buning uchun unga ayrim moddiy ta`minotlar yetishmayapti. Qishloq xo'jaligi texnikalarini xarid qilish uchun Ellaga moddiy ko'mak berish istagida bo'lganlar, bu orqali juda savobli ishga qo'l urgan bo'lishar edi. Buning uchun Ella Duginaning plastik kartochkasiga pul o'tkazmalarini amalga oshirish kifoya.

Plastik karta raqamlari: 8600 0417 2204 9914 / 0720 

Shu o'rinda ta`kidlab o'tish kerakki, Kun.uz tahririyati ijodiy jamoasi Mirzo Ulug'bek tumani hokimligi, shuningdek, Prezident devoni xodimlari bilan mazkur xonadonda bo'ldi. Oiladagi bolajonlarga turli sovg'a-salomlar ulashildi. Buning uchun mazkur mutasaddi tashkilotlarga minnatdorchilik bildiramiz.