08:13 / 13.07.2017
14910

Olti oy ichida Toshkentda 47 transport vositasi yonib ketdi

Foto: Facebook/Voditeli Tashkenta

Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi aholi gavjum joylar, xususiy sektor va tibbiyot muassasalarida yong‘inlar profilaktikasiga qaratilgan tadbirlar o‘tkazmoqda. Turli uchrashuvlar, ceminarlar, davra suhbatlari va yong‘in-taktik o‘quv mashg‘ulotlari shular jumlasidandir, deb yozadi O‘zA. 

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirligi, ta'lim, tibbiyot muassasalari, madaniy-ko‘ngilochar maskanlar, sanoat korxonalari, ulgurji va chakana savdo obektlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, kommunal xizmatlar vakillari ishtirok etmoqda. 

Tadbirlar davomida olovdan ehtiyotsiz foydalanish, quruq yaproq va chiqindilarning yonishi, elektr uskunalarining nosozligi yong‘inlar kelib chiqishiga sabab bo‘layotgani qayd etilmoqda. Prezidentning 2017 yil 23 maydagi "Ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosi doirasida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi. Ushbu hujjatga muvofiq, har haftaning chorshanbasida o‘tkazilayotgan yong‘inlar profilaktikasi kuni doirasida poytaxtda 22 mahalla va 11 ijtimoiy muhim obektda uchrashuv, seminar va davra suhbatlari tashkil etildi. 

"O‘rikzor savdo kompleks" MChJ hududida o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirish taktikasini amalga oshirish ko‘nikmalarini takomillashtirdi. 

– Yong‘in xavfsizligi talablari buzilishi yong‘inlar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin, – deydi Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasining profilaktika va yong‘in nazorati bo‘limi inspektori Muslima Rahimova. – Shuningdek, quruq o‘t-o‘lanlar, chiqindilarning o‘z vaqtida yig‘ishtirib olinmasligi yoki olovdan ehtiyotsiz foydalanish yong‘in chiqishiga sabab bo‘lib, bu insonlar hayoti va salomatligiga xavf solishi mumkin. Yoz mavsumida yong‘inlarning aksariyati quruq o‘t-o‘lanlar yonishi bilan bog‘liq bo‘lib, ba'zan alanga turar joy binolariga ham o‘tmoqda. Shu yilning olti oyi davomida poytaxtimizda 695 yong‘in sodir bo‘lib, buning oqibatida ikki milliard so‘mga yaqin zarar yetkazildi. Agar yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilganida ularning oldini olish mumkin edi. 

Tadbirlarda olovdan ehtiyotsiz foydalanish, bolalarning nazoratsiz qoldirilishi oqibatida zarar yetkazilayotgani haqida ma'lumotlar keltirildi. Xususan, yoz mavsumida Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi dispetcherlik xizmatiga quruq o‘t-o‘lanlar yonishi to‘g‘risida har hafta qirqtagacha murojaat kelib tushadi. Voqea sodir bo‘lgan joyga yaqin hududdagi yong‘in xavfsizligi bo‘limi har bir chaqiruvga zudlik bilan yetib boradi. 

Shuningdek, tadbirlarda transport vositalari yonishining oldini olishga ham alohida e'tibor qaratildi. Shu yilning olti oyida Toshkent shahrida turli texnik sabablarga ko‘ra, 47 transport vositasi yongan. Yong‘inlarning aksariyati avtomobil elektr simlarining nosozligi tufayli yuzaga kelgan. 

Top