21:31 / 15.07.2017
10325

Angrenda talonchilar guruhi ushlandi

Toshkent viloyatining Angren shahrida sodir etilgan talonchilik jinoyati Ichki ishlar organlari xodimlarining tezkor harakatlari natijasida fosh etilib, gumondorlar qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati IIB xabar berdi.

Dastlabki tergov harakatlari davomida to‘plangan xujjatlarga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan B. A. muqaddam ham qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, bosqinchilik, talonchilik kabi og‘ir jinoyatlarni sodir etganligi bois, javobgarlikka tortilgan. Shunday bo‘lsada, u bundan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmadi.

Jumladan, u 2017 yil 25 iyun kuni soat taxminan 01:30 larda, o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, akasi D. A. va tanishi A. S.lar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lgani holda, guruh a'zosi A. S.ning ko‘rsatgan yo‘nalishi bo‘yicha Angren shahar Ko‘kterak mahallasi Muso Jalil ko‘chasi 25-uy oldiga akasi D. A. bilan borib, ushbu uyga devordan oshish yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, xonadon yotoqxonasi va mehmonxonasidan fuqaro L. I.ga tegishli bo‘lgan narxi 1.500.000 so‘mlik «SAMSUNG» rusumli planshet, narxi 2.000.000 so‘mlik «IPONE-4» rusumli, narxi 3.000.000 so‘mlik «IPONE-5S» rusumli uyali aloqa telefonlari, narxi 700.000 so‘mlik tillo uzuk, narxi 700.000 so‘mlik bir juft tillo sirg‘alar xamda 80.000 so‘m naqd pullarini talonchilik bilan egallab, uy egasining uyg‘onib ketganligi sababli jinoyat joyidan qochib ketishgan.

Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ma'lum bo‘lishicha, A. S. 2017 yil 24 iyun kuni ertalab, aka-ukalar B. va D. A.larning uyiga kelib, ularga puldan qiynalayotganligini aytib, suxbati davomida o‘zi yashaydigan Ko‘kterak mahallasida yashovchi bir shifokor borligi, u har kuni uyida bemorlarni qabul qilishi, puli ko‘pligi, uyda faqat er-xotin yashashi, boshqa hech kim yashamasligi, tunda ularni uyiga kirib pullarini o‘g‘irlab chiqish mumkinligi, uy egalari tungi vaqt uxlashi, buni sezmasligini aytib, bu ishni birga amalga oshirishni taklif qilgan. Sheriklarini jinoyat sodir etishga qiziqtirib, ularga xonadonni ko‘rsatib, xonadonga qanday kirish mumkinligi haqida aniq ma'lumotlar  bergan.

Hozirgi vaqtda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top