AQSh sobiq prezidenti Bill Klintonning matbuot kotibi Enjyel Urenya ushbu siyosatchi tasvirlangan fotosuratni e`lon qilindi. Unda Klintonning boshqa sobiq prezidentlar – katta Jorj Bush va kichik Jorj Bushning haykallari orasida yashirinib turganini ko'rish mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda suratni hazil tariqasida qabul qilishgan, deb xabar bermoqda CNN.

Shu bilan birga, telekanalning eslatishicha, Klinton prezident bo'lgach, haqiqatdan ham Bushlar o'rtasiga tushib qolgan: ya`ni, katta Bush undan avval rahbarlik qilgan bo'lsa, kichik Bush undan keyin AQShni boshqardi.

«Bill Klinton «Bushlar o'rtasidagi hayotim» (so'z o'yini: Bush — ingliz. «buta» va prezidentlarning familiyasi. — tah.) nomli xotiralar kitobini yozishi kerak», - deya yozdi amerikalik shoir Duglass Pauell tvitterda.

Kanadalik jurnalist Dag Sandersning qayd etishicha, bu fotosurat 90-yillarni «ancha realistik tarzda» ifodalab beradi.