14:36 / 15.07.2017
8605

Xotin-qizlar mehnat huquqlari himoyasi

Mamlakatimizda inson, uning huquq va manfaatlarini ta'minlash bo‘yicha xalqaro hamjamiyat tomonidan e'tirof etilgan qoida va me'yorlarni tan olish, ularni milliy qonunchilikka joriy qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Hozirgi kunga qadar ko‘plab xalqaro hujjatlarning ratifikatsiya qilingani bu sohada olib borilayotgan islohotlar ko‘lamini yaqqol namoyon etadi. Mehnat sohasidagi xalqaro standartlar mehnatni tartibga solish sohasidagi uzoq yillik tajribani, qo‘lga kiritilgan yutuqlarni o‘zida aks ettiruvchi norma va qoidalardir. Ular mehnatni qo‘llash, xavfsiz va qulay sharoit yaratish, mehnatni muhofaza qilish, xodimlar hamda ish beruvchilar manfaatlarini himoya qilish va boshqa ko‘plab masalalarga taalluqlidir.

Xalqaro mehnat munosabatlarini huquqiy tartibga solishga doir huquqiy bazaning shakllanishi va rivojlanishida Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT) yetakchi o‘rin tutadi.

Joriy yilning 14 iyul kuni O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi O‘quv markazida hududiy Xotin-qizlar qo‘mitasi raislari va xodimlari uchun “Xalqaro mehnat standartlari” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. 

Xalqaro Mehnat Tashkiloti tomonidan tashkil qilingan mazkur treningda xalqaro mehnat standartlari milliy qonunchilik tizimiga implementatsiya qilinganligi, ayrim milliy normalarimiz konvensiyalarda belgilanganidan ham imtiyozliroq qoidalarni o‘z ichiga olganligi alohida ta'kidlandi. Trening ishtirokchilari tomonidan mehnat munosabatlarida mavjud muammolar va ularning yechimiga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga olgan interfaol mashg‘ulotlar bajarildi. 

Trening davomida bolalar mehnati hamda majburiy mehnatni oldini olishga qaratilgan huquqiy normativ hujjatlar haqida keng ko‘lamli ma'lumotlar berildi. Shuningdek xotin-qizlarning ijtimoiy mehnat sohasidagi mavjud muammolarni bartaraf qilish bo‘yicha kompleks yondoshuv hamda ijtimoiy sheriklikni yanada kuchaytirishga oid tadbirlar rejalashtirildi.

Top