11:07 / 15.07.2017
8407

Mirziyoyev: “Oliy Majlis Odob komissiyasi ishlamayapti”

Foto: rekurs.ru

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qildi. Uning ma'lum qilishicha, parlament joylarda olib borilayotgan ishlarning haqiqiy ahvolini o‘rganishda bir qolipga tushib qolgan. Ko‘pincha respublika va viloyat darajasidagi masalalar o‘rganilmoqda, deb axborot beriladi, biroq qariyb 6 oydan buyon 2 mingdan ortiq muammo hal etilmasdan qolmoqda. 

Deputat va senatorlarimizning joylarga chiqib, aholi bilan o‘tkazgan muloqotlari tahlil qilinganida, ko‘p hollarda rasmiyatchilik va ko‘zbo‘yamachilikka, soxta hisobotlar berishga, uchrashuvlarga o‘z o‘rniga boshqa odamlarni yuborish, o‘rganilayotgan masalaning tub ildiziga yetib bormaslik kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotgani aniqlangan. 

“Hozirgi borganlaringizdan yetmish foizlaringiz bekor borayapsizlar. Hech keragi yo‘q, agarda sizlar kattalaringizga ma'lumotnoma yozib, ura-ura qilib, televizorda ko‘rsatmoqchi bo‘lsalaringiz, qilmanglar u narsani. Oldin menda ma'lumot yo‘q edi, hozir juda katta ma'lumot bor – qanday borasizlar, qanday kelasizlar. Oliy Majlis palatalarining Odob komissiyalari bunday holatlarning har biri yuzasidan har tomonlama chuqur o‘rganishlar o‘tkazib, tegishli xulosalar berishi shart. Oliy Majlis Odob komissiyasi ishlamayapti, agarda shuncha kamchiliklar bo‘lsa”, - dedi Prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, deputatlarning joylarda bo‘ladigan uchrashuvlari haqida ommaviy axborot vositalari orqali oldindan, masalan, bir hafta avval e'lon berish tartibini joriy qilish, mahalliy matbuot vakillarining bunday tadbirlarni tanqidiy nuqtai nazardan yoritish bo‘yicha faoliyatini kuchaytirish kerak. 

Top