Kun.uz tahririyatiga abituriyent yigit tomonidan murojaat keldi. U Andijondagi mashinacozlik institutiga hujjat topshirish uchun borib, ustidagi kiyimlari tufayli ortga qaytarilganidan shikoyat qilgan.

Sayt muxbiri ushbu vaziyatni o'rganish uchun oliy ilm dargohining qabul komissiyasi bilan bog'langan.

Ma`lumki, arizachilarning xatida doim o'zi yuz foiz haq, narigi tomon esa teskarisi etib ko'rsatiladi. “Qars ikki qo'ldan chiqadi” degan maqolga amal qilgan holda vaziyatni ichiga kirib, muammoning to'la o'rganish uchun har ikki taraf bilan suhbatlashgan ma`qul. Mutasaddining aytishicha, institutda o'qishni ixtiyor etgan abituriyent o'z hujjatlarini topshirishga shortida kelgan va uni ta`lim dargohiga kiritishmagan. 

“Shu ham muammo bo'libdimi?” dersiz?  Men ham avvaliga ushbu voqeani maqola qilib yozishni o'zimga ep ko'rmagandim. Lekin, oddiy uchqundan alanga chiqishi ham mumkin. Yozganlarim ijtimoiy tarmoqlarda: “Qanday kiyinib yurish insonning o'z huquqi, aqllilik qilib shaxs erkinligiga rahna solmang", "Zamondan qolib ketibsiz!” deya muhokama qilinishiga toqatim yo'q. Lekin, kuni kecha jamoat transportida davangirdek yigitni yengi yo'q mayka kiyib (anchadan beri e`tibor berilmagan qo'ltig'ini ko'z-ko'z qilganicha) tepadagi avtobus tutqichini ushlab turganini ko'rgach, ensam qotib, klaviatura chiqillatishga tushdim.

Talaba bo'lish orzusida yurgan yigit bilan suhbatlashganimda u: “Qonunda shortikda kelib, hujjat topshirish mumkin emas, degan talab yo'q. Jismoniy mehnat qiladigan joyda ishlayman, havo issiq. Shuning uchun shortikda bordim. Institutni kiraverishiga “Shortikda kirilmasin” deya yozib qo'yishmabdiku?” dedi. Bir tomondan u haqdir. Oliy va o'rta maxsus ta`limi vazirligining talaba va o'quvchilar uchun ta`lim jarayonida kiyinish va odob-axloq me`yorlari haqida alohida ko'rsatmasi borligi haqida eshitganim bor. Lekin, bu yigit hali talaba yoki o'quvchi emas. Demak, abituriyent mavjud qoidalarga bo'ysunmasa ham bo'laveradi degan xulosaga kelishimiz ham mumkin.

Jamoat joylarida man qilingan muayyan kiyimlar haqida gapirish bu alohida masala. Yozganlarimni o'qiyotgan kishilar meni eskicha fikrlashda ayblasalar ham mayli, lekin o'sha: “Uka, hujjat topshirgani shimingni kiyib kelgin” degan ustoz jo'yali nasihat qilgan.

Jimjimador va eshitilaverib ta`sir kuchini yo'qotayozgan: “Bizning ajdodlarimiz madaniyatni butun dunyoga tarqatgan, biz dunyoda eng ma`naviyatli xalq vakilimiz” degan gaplarni yozgim kelmadi. Aslida o'zi shunday, lekin takror-takror aytilgan gap - oddiy navbatchi jumlalarga aylanadi. Bir og'iz gapim bor: “Bizdagi “andisha” atalmish tuyg'u boshqalarda uchramasa kerak”. Yana, yurtimiz kishilari  fahm-farosat bobida boshqalardan kam bo'lmagan.

Kiyim – nima o'zi? Kiyim-bosh – inson tanasini issiq va sovuqdan asrash bilan birga uning xarakterini ham ko'rsatib beruvchi vosita. Shunaqa, kiyimda ikki yoqlama vazifasi bor. Bizga hech kim: “Janozaga yaltiroq kiyimda, shortida borma?”, “To'y marosimlarga sport kiyimi to'g'ri kelmaydi!” deyishi shart emas. Ozgina farosat va oilada olgan tarbiya ma`lum joylarda odamlarga notabiiy ko'rinishimizga monelik qiladi.

Yana o'sha ko'p ishlatiladigan iboraga yuzlanamiz: “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona”, ustoz hurmati esa yuqoridagidan-da ko'proq murojaat qilinadigan hikmatda mujassam. Shu yigitni ota-onasi: “O'g'lim, hujjat topshirgani ta`lim dargohiga chiroyli kiyimda bor” deganida bo'ldi edi. Tolibi ilm bo'lishni istagan abituriyent ham o'quvchiga mos kiyinib borganida o'sha joydagi muallimlarda birinchi kundan ijobiy taassurot qoldirgan bo'larmidi?...   

Kiyim tanlash bobida G'arbga intilayotgan yoshlarimizni koyishdan oldin, o'zimizning milliy liboslarimizni zamon talabiga mos va qulay qilib tikib, xalqqa taqdim qila olmayotgan modelerlarimizni bir turtib o'ta olmay iloj yo'q. Ha, o'sha Yevropa o'z liboslarini bugungi kun kishisiga kiydirishni rosa uddalashdi. Biz esa rang-barang milliy ust-boshimizni faqat to'y va ma`arakalarda egnimizga oladigan bo'ldik. Obbo, yana chuqurlashib ketdim... Aslida, bu mavzu yuzasidan sahifalab maqola yozishimiz mumkin. 

“Hamma chopon, yaktak kiysin!” degan fikrdan uzoqman. Inson o'ziga mos va hos bejirim kiyinib yurgani ma`qul. Biz, ya`ni shoir ta`biri bilan aytganda: “Hatto, teragimizni ham g'arbga qarab yiqilishini istayotgan kishilar”  asrlardan meros o'zligimizni saqlab qolsak, bas. Yotoq kiyimini ko'chada, tantana libosini azada kiyish bizga emas... 

Gapning indallosi – libos kishini jamiyatdagi o'rnini ko'rsatib turuvchi vositadir. 

Elmurod Ermatov, Andijon