Axborot kommunikatsiya texnologiyalarining beqiyos imkoniyatlaridan kundalik turmushda har kim ozmi-ko'pmi foydalanayapti. Kimdir nikoh to'yining hashamat va dabdabasini, yana birov xorijga qilgan sayohatini, boshqa bir odam esa kimningdir noqulay ahvolga tushib qolganini, xullas, sanasang adog'iga yetib bo'lmaydigan videotasvirlarni internetga joylashtirib, ommalashtiryapti. Millionlab odamlarning ermagiga aylangan internet atalmish ulkan axborot makonidagi videotasvirlar ayrimlarni kamsitmoqda, kimdadir shafqatsizlik tuyg'usini kuchaytirsa, ko'pchilikning ma`naviy dunyosi qashshoqlashuviga sabab bo'lmoqda.

Bu borada kuzatishlarimdan ayrimlarini ulashishni lozim topdim. Ertalab soat 09:00. Shahardagi katta ko'chada harakatdagi avtomashinalar to'qnashuvi sodir bo'ldi. Buning oqibatida nafaqat avtomobillar, balki ularning salonida bo'lgan odamlar ham jiddiy shikastlandi. Hodisa guvohlaridan faqat bir kishi jabrdiydalarga yordamga shoshdi. Ikkinchi bir shaxs esa mobil telefonda “tez yordam” chaqirdi. Avtofalokatni o'z telefonlariga tasvirga tushirganlar ko'proq edi. Xo'sh, keyin nima bo'ldi? Odamlar tarqaldi. Hodisa ishtirokchilariga yordam ko'rsatildi. Bu voqeani tasvirga olgan “shovvoz”lar esa telefondagi videotasvirni internetga joylaydi. U endi tinchimay o'zi joylashtirgan postni kuzatishda davom etadi. Video bir soatda, boring ana, bir haftada qancha “layk” yig'ishi qiziq-da unga.

Yana bir misol. “— Voy, mana buni ko'rdingizmi, kulaverib ichaklarim uzildi. — Nimani, mana bu eshakni aytyapsizmi? Bechora... — Ha, mana mening telefonimda ham shunga o'xshashi bor. Qarang...”. 

Uyi oldida o'tirgan 35 yoshlardagi ikki qo'shni telefonda daryo ko'prigidan tashlab yuborilgan jonivorning cho'kishini tomosha qilayotgani e`tiborimni tortdi. Axir, qaysi noinsof o'zining og'irini yengil qiladigan eshakka bunchalar shafqatsizlik qiladi? Birovlarning ko'ngilxushligi uchunmi bu nobakorlik? 

Aziz o'quvchi, fan va texnika insonni razolat botqog'iga botishi uchun emas, uning kamolotiga xizmat qilishi kerak emasmi? G'arbda kishilarning befarqligiga xotirjam qaraladi. Sharqona mentalitet esa buni hazm qilolmaydi. Kattalar ko'pincha aksariyat yoshlarning jamiyatga begonalashib, oddiygina hamdardlik hissini unutib qo'yayotganini achinib gapiradi. Bu haqda qancha gapirilmasin, yozilmasin, unutmang, siz tasvirga olib mulzam qilayotgan odam qo'shningiz, mahalladoshingiz, yurtdoshingiz. Siz kabi oddiy bir inson. Xulosa o'zingizga havola... 

Akbarjon Aburaimov