19:28 / 17.07.2017
18483

Beyl Ronaldu, Zidan, Mbappe va «Real»dan ketishi mumkinligi haqidagi savollarga javob qaytardi

Madriddagi Marca nashri «Real» futbolchisi Beyl bilan suhbatlashdi. 

Birinchi navbatda u jamoadoshi Krishtianu Ronalduning ketishi haqidagi xabarlarga munosabatini bildirgan:

«Men bu haqda hech narsa bilmayman. U «Real»dan ketadimi yoki yo‘q. Futbolda hammasi tez yuz beradi, Romelu Lukaku «Manchester Yunayted»ga o‘tgani haqida endigina bilib turibman. «Real»ga o‘zgarishlar kerak, deb hisoblamayman. Biz sovrinlar yutmoqdamiz, shunday ekan, o‘zgarishlar nega kerak?  Krishtianu kelajagi haqidagi savolni uning o‘zidan so‘raganingiz ma'qul».

Jarohati haqida
«Hammasi joyida! O‘tgan mavsumda men o‘z imkoniyatlarim darajasida o‘ynay olmadim, jarohatimdan tuzala olmadim, og‘riq mashg‘ulotlar o‘tkazish va formamni tiklashimga xalaqit qilardi. Men qattiq mehnat qildim va hozir holatim yaxshilandi. Afsus, men o‘tgan mavsumda jamoamga ko‘p yordam bera olmadim. Balki, men avval to‘la sog‘ayib, keyin o‘yinga qaytishim kerak bo‘lgandir. Nima bo‘lganda ham, hozir barchasi ortda qoldi, to‘pig‘im bilan hammasi joyida va men yangi mavsumga tayyorman».

Chempionlar ligasi finalini zaxira o‘rindig‘ida boshlagani haqida
«Men Chempionlar ligasi finalida maydonga tushishni juda istagandim. Hech bo‘lmasa, zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishni. 6 hafta davomida har kuni 12 soatdan shu maqsad yo‘lida harakat qildim. Men Chempionlar ligasi kubogini o‘z oilam va do‘stlarim qarshisida boshim uzra baland ko‘tarishni juda istagandim».

Zidan haqida
«Hamma o‘ynashni istaydi. Ammo Zidan tarkibni rotatsiya qilish orqali, kuch tejashga harakat qiladi. Biz o‘tgan mavsumda ichki chempionatda va Chempionlar ligasida aynan rotatsiya evaziga g‘olib chiqdik.

Biz bir necha kundan buyon shu yerdamiz. Bizda barchasini muhokama qilib olish uchun yetarli vaqt bor. Asosiysi, yaxshi tayyorgarlik. Ko‘ramiz, qolgani qanday kecharkan».

«Real»dan ketishi haqida qanday o‘ylaydi?
«Yo‘q albatta! Bularning barchasi shunchaki mish-mish. Bu gaplar mening jarohatim tufayli kelib chiqqan. Men hali yuqori darajadagi futbol namoyish eta olaman, hali o‘z maksimumimga yetganim yo‘q. Menda «Real»bilan uzoq muddatli shartnoma mavjud va men bu klubda baxtiyorman. Oldinda bizni katta mavsum kutib turibdi va bu mavsumda men «Real» uchun ko‘plab gollar urmoqchiman. Keyingi mavsum faoliyatimdagi eng yaxshisi bo‘lishini istayman».

«MYu» qiziqishi haqida
«Qiziqish - shunchaki qiziqish. Agar taklif bo‘lsa ham, men buni ko‘rib chiqmayman. 

Qaytaraman, menda «Real» bilan shartnoma bor va men bu yerda baxtliman. «Yunayted»ning qiziqishlari haqida hech narsa eshitmadim. Albatta, barcha britaniyalik futbolchilar kabi men hamisha premer-liga bilan aloqadorman. Bu Ispaniyaga kelganida Devid Bekhem bilan ham bo‘lgandi. Boshqa hech narsa.

Ehtimol «MYu» menga chindan qiziqayotgandir, ammo menga hech narsa ma'lum emas. Shunday ekan, bu haqda gapirishdan naf yo‘q».

Mbappening kelishi mumkinligi haqida
«Afsuski, men uning o‘yinlarini ko‘rmadim. Lekin bilaman, u ajoyib futbolchi. Agar «Real» uni taklif etsa, jamoa yanada kuchayadi. U Madridga kelsa, men unga moslashishi uchun qo‘limdan kelgancha yordam beraman».

«Real»ga keyingi mavsumda qaysi jamoalar asosiy raqiblar bo‘ladi?
«Odatdagi kabi. Bir qancha ingliz jamoalari, «Bavariya», «Barselona», «Yuventus», «PSJ»... Hamisha kuchli raqiblar bo‘ladi, barchasi o‘zimizga bog‘liq. Sovrinlarni qo‘lga kiritish uchun har bir uchrashuvga jiddiy yondashish zarur».

Mavzuga oid
Top