JARning Ist-London shahri yaqinida katta oq akula syorfing bilan shug'ullanayotgan maktab o'quvchisiga hujum qildi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bermoqda.

13 yoshli Zoye Steyn qirg'oqdan 75 metr masofaga qadar suzib ketgan va syorfing taxtachasida, oyoqlarini suvga tushirgan holda o'tirgan. «Men o'zimga qarayotgan katta qora ko'zni ko'rdim, so'ng kuchli shovqin eshitildi», - deya eslaydi u akulaning hujumini. Uch metrli baliq syorfing uchun taxtachani tishlari bilan ushlab olgan va qizni suvga uloqtirib yuborgan.

Zoye boshqa syorferlarning baqirayotganini eshitib qoldi va taxtachaning bir qismiga chiqib olishga ulgurdi, biroq qo'rquv sabab bundan keyin nima qilish lozimligini tushunmagan. Maktab o'quvchisini bir oyog'i yo'q fotosuratchi Jan-Pol Vodri qutqardi. U o'z taxtachasida uning yoniga suzib keldi va akula haqida o'ylamaslikni, qirg'oqqa qarab suzishni so'ragan.

Vodrining fikricha, agarda qizcha taxtachada qimirlamay o'tirmaganida, voqea boshqacha yakun topishi aniq edi.