13:08 / 17.07.2017
27745

«O‘lmas Kashshey». Kurdlar al-Bag‘dodiy tirik ekanini aytishmoqda

Foto: AP

Kurd aksilterrorchilik kuchlarining yuqori mansabli vakili Lahur Talabaniyning ma'lum qilishicha, IShID terrorchilik guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiy, katta ehtimol bilan tirik va Raqqa shahridan janubda yashiringan. Bu haqda Reyter agentligi xabar bermoqda.

Avvalroq Iroq IIVning razvedka va aksilterror amaliyotlar xizmati direktori Abu Ali al-Basriy IShID rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘limi haqidagi oxirgi xabarlarni tasdiqlamagani xabar qilingandi. Uning so‘zlariga ko‘ra ham, IShID yetakchisi ayni vaqtda Suriya hududida, Raqqa yaqinida yashiringan bo‘lishi mumkin.

Talabaniyning agentlikka ma'lum qilishicha, al-Bag‘dodiy tirik ekaniga 99 foiz ishonchi komil. 

Oxirgi marta 11 iyul kuni OAVda IShID jangarilari tashkilot rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyning o‘limini tasdiqlashgani haqida xabar tarqalgandi. Ko‘p o‘tmasdan Suriya inson huquqlari observatoriyasi IShID rahbari halok bo‘lganini tasdiqlovchi ma'lumotga egaligini ma'lum qildi.

Qayd etish kerakki, terrorchilar «xalifa»si o‘ldirilgani haqidagi juda ko‘p marta xabar tarqatilgan. Xususan, Eron telekanallaridan biri uning jasadini ham ko‘rsatdi. Rossiya mudofaa vazirligi ham al-Bag‘dodiy rus aviazarbalaridan keyin o‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Biroq hech bir manba uning o‘limini rasman tasdiqlamagan. Jumladan Pentagon ham.

Mavzuga oid
Top