19:06 / 17.07.2017
20028

O‘zbekistonda soliq qonunchiligi buzilishining top-9 taligi 

Davlat soliq qo‘mitasi matbuot-markazi iyul oyining birinchi haftasida  soliq organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat chora-tadbirlari yakunlari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar ro‘yxatini e'lon qildi, deb xabar bermoqda Norma.uz.

Soliq nazorati natijalariga ko‘ra, ko‘rsatilgan davrda 4 150 huquqbuzarlik holati aniqlangan.

96 nafar jismoniy shaxs va 1000 dan ortiq tadbirkorlik sub'yektlari birinchi marta soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etganligi hamda aniqlangan kundan boshlab 30 kun ichida uning oqibatlarini bartaraf etganliklari, shuningdek davlatga zararni to‘liq qoplab berganliklari uchun ma'muriy javobgarlikdan ozod etildi.

Amaldagi qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzgan 2 993 nafar shaxsga nisbatan  988,7 mln. so‘m miqdorida ma'muriy jarimalar qo‘llanildi.

Quyidagilar huquqbuzarliklar orasida eng “ommaboplari” bo‘ldi:

•  savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, shu jumladan xaridorlarga chek (kvitansiya, hisobvaraq) bermasdan tovarlarni, mahsulotlarni (xizmatlar) sotish (xizmatlar ko‘rsatish); nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash tartibiga rioya qilmaslik; pul bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda to‘lov terminallarini qo‘llash tartibiga rioya qilmaslik; narxlarni asossiz oshirish;
•  binolar, inshootlar, turar joylarni notarial tasdiqlangan shartnomasiz ijaraga yoki tekin foydalanishga berish;
•  uy-joyga bo‘lgan mulkiy huquqlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirmaslik;
•  soliq organlariga daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyani o‘z vaqtida topshirmaslik;
•  tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy amalga oshirish;
•  avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirish;
•  soliq organlariga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida topshirmaslik;
•  muddati o‘tgan debitorlik qarzi;
soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash uchun xizmat ko‘rsatuvchi bankka o‘z vaqtida to‘lov topshiriqnomasini taqdim etmaslik.

Top