Davlat soliq qo'mitasi matbuot-markazi iyul oyining birinchi haftasida  soliq organlari tomonidan o'tkazilgan nazorat chora-tadbirlari yakunlari bo'yicha aniqlangan huquqbuzarliklar ro'yxatini e`lon qildi, deb xabar bermoqda Norma.uz.

Soliq nazorati natijalariga ko'ra, ko'rsatilgan davrda 4 150 huquqbuzarlik holati aniqlangan.

96 nafar jismoniy shaxs va 1000 dan ortiq tadbirkorlik sub`yektlari birinchi marta soliqqa oid huquqbuzarliklar sodir etganligi hamda aniqlangan kundan boshlab 30 kun ichida uning oqibatlarini bartaraf etganliklari, shuningdek davlatga zararni to'liq qoplab berganliklari uchun ma`muriy javobgarlikdan ozod etildi.

Amaldagi qonunchilik talablarini qo'pol ravishda buzgan 2 993 nafar shaxsga nisbatan  988,7 mln. so'm miqdorida ma`muriy jarimalar qo'llanildi.

Quyidagilar huquqbuzarliklar orasida eng “ommaboplari” bo'ldi:

•  savdo va xizmat ko'rsatish qoidalarini buzish, shu jumladan xaridorlarga chek (kvitansiya, hisobvaraq) bermasdan tovarlarni, mahsulotlarni (xizmatlar) sotish (xizmatlar ko'rsatish); nazorat-kassa mashinalarini qo'llash tartibiga rioya qilmaslik; pul bilan hisob-kitoblarni amalga oshirishda to'lov terminallarini qo'llash tartibiga rioya qilmaslik; narxlarni asossiz oshirish;
•  binolar, inshootlar, turar joylarni notarial tasdiqlangan shartnomasiz ijaraga yoki tekin foydalanishga berish;
•  uy-joyga bo'lgan mulkiy huquqlarni o'z vaqtida rasmiylashtirmaslik;
•  soliq organlariga daromadlar to'g'risidagi deklaratsiyani o'z vaqtida topshirmaslik;
•  tadbirkorlik faoliyatini noqonuniy amalga oshirish;
•  avtomobil transportida yo'lovchilarni tashish bo'yicha faoliyatni litsenziyasiz amalga oshirish;
•  soliq organlariga soliq hisobotlarini o'z vaqtida topshirmaslik;
•  muddati o'tgan debitorlik qarzi;
soliqlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lash uchun xizmat ko'rsatuvchi bankka o'z vaqtida to'lov topshiriqnomasini taqdim etmaslik.