Xabaringiz bor Kun.uz tahririyatining ijodiy jamoasi Qashqadaryo viloyatida bo'lib qaytdi. Mazkur tashrif davomida viloyat aholisi tomonidan yo'llangan murojaatlar bilan yaqindan tanishildi. Ana shunday murojaatlardan biri Shahrisabz tumani Miraki qo'rg'onchasi aholisidan tahririyatimizga yo'llangan edi.

Ma`lumki, viloyatdagi Miraki qo'rg'onchasi tabiati so'limligi bilan ajralib turadi. Shu bois bu yerga hordiq chiqarish maqsadida O'zbekistonning turli chekkalaridan tashrif buyurishadi. Ammo mana shu tabiati go'zal va bohavo go'shaning chiroyiga putur yetkazib kelayotgan sabablar kishi ko'nglini g'ash qilmasdan qolmaydi. Bugungi kunda mazkur qo'rg'onchada joylashgan ko'p qavatli uylarning kanalizatsiyasi ta`mirtalab bo'lib, ulardan chiqindi suvlar sizib chiqmoqda hamda aholi iste`mol qiladigan ariqlarga borib qo'shilmoqda.

“Aniq aytishim mumkinki, uch yildan buyon mana shu kanalizatsiya ta`mirtalab bo'lib, undan iflos suv sizib chiqadi”, deydi mahalliy aholi vakillaridan biri. “Tozalash ishlari yuzaki qilinadi. Bu chiqindi suv borib qo'shiladigan ariq suvidan bizdan quyida joylashgan to'rt-besh qishloq aholisi iste`mol qiladi”.

Tashrif davomida ma`lum bo'ldiki, mahalliy aholi vakillarini kanalizatsiyadan tashqari, chiqindi muammosi ham qiynab keladi. Aniqroq aytadigan bo'lsak, chiqindi oladigan maxsus transport bu yerga kelmaydi. Shu sabab chiqindilar uyumi uzoq turib qolishi oqibatida aholiga juda katta noqulaylik tug'dirmoqda.

Kanalizatsiya masalasi yuzasidan Respublika “Suvoqava” DUK Shahrisabz tumani filiali rahbari Adham Yusupovga yuzlandik. 

“Miraki shaharchasida 1979-1985 yillarda “Hisorak” suv ombori qurilgan bo'lib, mazkur qurilish munosabati bilan u yerda ishlagan ishchilar uchun 20 ga yaqin turar-joy binosi qurib berilgan. Ushbu turar-joyga 9,1 km. masofaga kanalizatsiya quvuri tortilgan. Yillar o'tib, “Hisorak” suv ombori qurilishida ishlagan ishchilarga mazkur turar-joy binolari xususiylashtirib berilgan. Shu bois u yerning kanalizatsiyasi ham mahalla balansida qolib ketgan. Quvurlar oradan yillar o'tib, tashqi muhit ta`siriga uchragan va ta`mirtalab holga kelib qolgan”.

Adham Yusupovning ta`kidlashicha, mazkur kanalizatsiyani to'liq ta`mirlash ishlari 2021 yilda mo'ljallangan. Biroq bu kechiktirib bo'lmaydigan ish bo'lgani uchun tegishli tashkilotlarga xat orqali chiqilgan va ta`mirlash ishlarini 2017 yilning ikkinchi yarmidan boshlashga erishilgan.

Jamiyat hayotida turli muammolar uchrab turadi. Vaqti-soati kelib, ularning yechimi topiladi va hal etiladi. Ammo ayrim masalalar ortga surib bo'lmas holatlar hisoblanadi. Jumladan, yuqoridagi vaziyat ham. Chunki suv hayot manbai. U insoniyatga, butun borliqqa hayot bag'ishlaydi. Uni zaharga aylantirish va bunga loqaydlik bilan qarash esa haqiqiy jinoyatdir. O'ylaymizki, yuqoridagi holat bilan bog'liq muammolar qayerda bo'lmasin tezkorlik bilan o'z yechimini, albatta, topadi.