13:37 / 18.07.2017
8917

OAV: AQShda muqobil boshqaruvda harakatlanayotgan Tesla ishtirokida yana bir avtofalokat ro‘y berdi

Amerikada Tesla kompaniyasi ishlab chiqqan va muqobil boshqaruvda harakatlanayotgan elektromobil ishtirokida yana bir YTH ro‘y berdi. Minnesota shtatida sodir bo‘lgan avtofalokat sababli 5 kishi jabrlangan. 

Star Tribune gazetasining yozishicha, avtomobilning haydovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan Devid Klarkning Tesla elektrokari muqobil harakatda bo‘lgan. Uning ta'kidlashicha,  mashina harakatlanayotgan vaqtda kutilmaganda "tezlikni oshirgan", natijada yo‘l chetiga chiqib ketgan. Shundan so‘ng, elektromobil yo‘l yoqasidagi botqoqlikka ag‘darilib ketgan. 

Mashinada 4 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ular va haydovchi jarohat olgan. Politsiya hodisa yuzasidan tekshiruv o‘tkazishini bildirgan. 

Klark sud orqali tovon puli olish rejasini inkor etmayapti. O‘z navbatida, Tesla tomonidan tarqatilgan xabar haydovchi so‘zlarini shubha ostiga qo‘ymoqda. Kompaniyaga ko‘ra, bu voqeada YTH sodir bo‘lmasdan avval muqobil boshqaruv funksiyasi noto‘g‘ri ishlagan "deb hisoblashga sabab yo‘q". 

Agar falokatga elektronika sabab bo‘lgani aniqlansa, bu Tesla kompaniyasiga navbatdagi zarba bo‘ladi. Bundan avval, 2016 yil mayida Florida shtatida ro‘y bergan avtohalokatda haydovchi vafot etgan edi. O‘shanda, muqobil boshqaruvdagi Tesla elektronikasi ochiq havoda quyosh tomonidan yorqin yoritilgan va perpendikulyar harakatlanayotgan oq treylerni farqlay olmagan.

Bundan tashqari, Montana va Pensilvaniya shtatlarida ham ushbu elektrokar ishtirokida YTHlar sodir bo‘lgan. Ularda insonlar o‘limi qayd etilmagan. 

Mavzuga oid
Top