00:29 / 19.07.2017
68088

Prezidentning o‘zgarayotgan poytaxt manzarasi bilan yaqindan tanishuvi (fotojamlanma)

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining turli tumanlariga tashrif buyurib, u yerda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, iqtisodiy sektorlar faoliyati, aholi turmush tarzi va yana ko‘plab yangiliklar bilan yaqindan tanishmoqda. Prezidentning feysbukdagi rasmiy sahifasida ushbu safarlardan fotoreportajlar taqdim etilgan.

 

Sergeli bo‘ylab safar: qad ko‘tarayotgan turar-joy binolari va metroning yangi bekatlari

Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida bo‘lib, tumanda bunyod etilayotgan uy-joylar qurilishi bilan tanishdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. 6-mavzedagi 66 ta yetti qavatli uy mustaqillik bayrami arafasida o‘z egalariga topshiriladi. Boshqa maydonlardagi 36ta ko‘p qavatli uylarni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan. Prezident ushbu uylardan biriga kirib, bu yerda yaratilayotgan sharoitlar bilan qiziqdi.

Bundan tashqari, davlat rahbari aynan shu kuni tumanda amalga oshirilayotgan metro qurilishi bilan ham yaqindan tanishdi. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Sergeli tumanida metro yo‘lini qurish o‘ta murakkab jarayon. Shu bois mazkur yo‘nalishdagi metro yer usti bo‘ylab, estakadalar orqali tashkil etiladi. 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan mazkur qurilishga 170,1 million dollar sarflanadi. Uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etuvchi mazkur inshoot to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mo‘ljallanmoqda. Prezident metro qurilishi bo‘yicha o‘z maslahatlarini berar ekan yangi qurilayotgan yer usti metrosi yonidan o‘tadigan ko‘cha atrofida ikki va uch qator daraxt va gullar ekilishi lozimligini ta'kidladi.

Davlat rahbari, Toshkent shahri atrofida tezyurar elektrichka temir yo‘l qurilishi loyihasini ko‘zdan kechirar ekan bu yangi soha ekani, uni loyihalashtirishda ilg‘or xorij tajribasini o‘rganish, shu sohaga ixtisoslashgan mutaxassislarni jalb etish zarurligini, eng asosiysi, bironta ham uy buzilmasligi kerakligini alohida ta'kidladi.

 

Yunusobodga tashrif: IIBB faoliyati bilan tanishuv, fayzli xonadon mehmoni

Shavkat Mirziyoyev 15 iyul kuni poytaxtning Yunusobod tumaniga keldi. Davlat rahbari tumanda joylashgan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Qo‘riqlash boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi. Prezident mazkur boshqaruv tizimini ikki yil davomida sinovdan o‘tkazish, ichki ishlar xodimlarining axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimini oshirish, Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkentdagi Inha universitetida ixtisoslashgan kadrlar tayyorlash, tizim puxta o‘zlashtirilganidan keyin uni mamlakatning barcha shaharlarida joriy etish zarurligini ta'kidladi.

Bundan tashqari, prezident Yunusobod tumanidagi “Islomobod” mahallasida yashovchi Tohir va Shohista To‘laganovlar xonadonida mehmon bo‘ldi. (http://kun.uz/news/2017/07/15/prezident-tulaganovlar-honadonida-memon-buldi) Oila faxri va farishtasi Shohaydar ota Shoismoilov O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, xalqimizga yanada farovonlik, Prezidentga sog‘lik-omonlik tilab duo qildi.

Top