16:32 / 19.07.2017
10115

Siyosiy partiyalar: tahlil, tashabbuskorlik va ijtimoiy mas'uliyat

Joriy yilning 19 iyul kuni Xalqaro press-klubda parlament a'zolari va siyosiy partiyalar vakillari ishtirokida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 iyul kuni parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidagi ma'ruzasidan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan muloqot tarzida tashkil etildi. 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ta'kidlash joizki, mamlakatimizda jamiyat hayotining barcha sohalarini yanada erkinlashtirish va isloh qilish jarayonlari izchil davom etmoqda. Qaysi soha yoki tarmoqda bo‘lmasin, dolzarb muammolar aholi bilan ochiq muhokama qilinib, ularning yechimi topilmoqda. 

Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham erishilgan yutuqlar bilan birga hokimiyat vakillik organlari, siyosiy partiyalar va Ekologik harakatning o‘tgan davrdagi faoliyati tanqidiy ruhda tahlil qilindi, islohotlarni yanada chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim vazifalar belgilab berildi. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyasi a'zolari, senatorlar va siyosiy partiyalar tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda va ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan sa'y-harakatlar boshlab yuborilgan.

Muloqotda siyosiy partiyalarning ishini sifat jihatidan yangilash, ularning jamiyatdagi obro‘-e'tiborini ko‘tarish, hatto davlat va jamiyat boshqaruvida hal qiluvchi kuchga aylantirish borasidagi qanday tashabbuslar ilgari surilayotgani, partiyalarning yoshlar o‘rtasida olib borayotgan ishlari, xususan “Yoshlar qanotlari” faoliyatini tubdan takomillashtirish, yoshlarning g‘oyaviy, mafkuraviy ehtiyojlarini qondirish borasida siyosiy partiyalar oldida turgan vazifalar muhokamalar markazida bo‘ldi.

Shuningdek, ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda siyosiy partiyalar o‘z elektoratiga bergan va'dalarni, saylovoldi dasturlarining bajarilishi bo‘yicha monitoring olib borilishi, deputatlarni xalqqa yaqinroq tanitishda eng maqbul va oson yo‘li ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik aloqalarini kuchaytirish, odamlarni deputatning haqqoniy so‘zi va xalqparvarligiga qanday ishontirish mumkinligi haqidagi o‘ta muhim masalalar o‘rtaga tashlandi. 

Yana bir muhim jihati, qonun loyihalarining muhokamasi jarayonida fraksiyalararo bahs-munozaralarning deyarli o‘tkazilmayotganligi, jumladan Demokratik kuchlar bloki bilan muxolif fraksiyalar o‘rtasidagi raqobat muhiti, ular qonunchilikda belgilangan huquqlari, jumladan muxolifatning muqobil qonun loyihasi bo‘yicha tashabbuslar ko‘rsatmayotgani kabi masalalar ham qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi.

Muloqot davomida jurnalistlarning parlament, deputatlik korpusi, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi o‘rni, qonun loyihalari muhokamasi va joylardagi ijrosi bo‘yicha savollariga batafsil javoblar qaytarildi. 

Top