20:02 / 21.07.2017
10158

Ekspert: Koreyaning milliy g‘oyasi 2020 yilgacha YaIMni jon boshiga 20 ming dollarga yetkazish

Xalqaro Press-klubda bo‘lib o‘tgan sessiya “Siyosiy partiyalar: tahlil, tashabbuskorlik va ijtimoiy mas'uliyat” mavzusida bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi siyosiy partiyalar, parlament fraksiyalari faoliyatini jonlantirish masalalarida ekspertlar tomonidan ham fikrlar bildirdi.

Xususan, siyosat fanlari nomzodi, dotsent Nigora Umarova siyosiy partiyalarning faolligini oshirish, milliy g‘oya, partiyalar faoliyatida innovatsiyalarni qo‘llashga doir xorijiy davlatlar tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

“Siyosiy partiyalar haqida so‘z ketganida ularning birinchi belgisi hokimiyat uchun kurashadi. Bu degani, O‘zbekistonda 4 ta siyosiy partiyaning bo‘lishi davlatni rivojlantirishning 4 ta muqobil dasturi bor degani. Mening partiyam ko‘p ovoz olib, saylovda yutib chiqsa, mamlakatni hozirgidan ko‘ra yaxshiroq rivojlantiradi, degan da'vat bilan chiqishlari kerak. Shu nuqtainazardan partiyalarning o‘z zaifliklarini tan olishi, resurslarim yo‘q deyishi, noto‘g‘ri. Bu birinchisi. 

Ikkinchidan, resurslar masalasi. Partiyalar qonun chiqara oladimi? Deputatlari orqali chiqara oladi. Ijro hokimiyatini nazorat qila oladimi? Nazorat qila oladi. Aholi bilan uchrasha oladimi? Ucharasha oladi. Richagim yo‘q, hokimiyatim yo‘q deyishga asos yo‘q. 

Yana bir masala, personifikatsiya. Ya'ni qonunlarni uning tashabbuskori nomi bilan atash xususida. Tan olish kerak, biz Rossiya partiya yetakchilarini o‘zimiznikilardan yaxshiroq bilamiz. Vaholanki, Sharqda personifikatsiya kuchliroq, u yoki bu islohotlar bir insonni nomi bilan bog‘lanadi. Shu paytgacha, 25 yil Islom Karimov nomi bilan bog‘landi. Bu narsa kuchli, tan olish kerak. Ammo, bizda partiyalarimizda bunday qila oladigan yetakchilarning o‘zi yo‘q. 

Endi parlament innovatsiya minbariga aylanish kerakmi, degan mavzuga to‘xtalsak. Bir misol keltiraman. Buyuk Britaniyada parlament ikki partiyali tizimda ishlaydi. Partiya saylovda g‘alaba qozonib hukumatni shakllantirsa, ikkinchi mag‘lub bo‘lgan partiya ham soya ostidagi hukumatni tuzadi. U amaldagi hukumatga muqobil tarzda tashkil etiladi. Hukumat a'zosi qanday qaror qabul qilsa, muqobil (muxolifat) vazir uning chiqargan qaroridagi kamchiliklarni yozib, OAV orqali e'lon qiladi. Bundan jamiyat yutadi. Amaldagi vazir biror qaror qabul qilishdan avval puxta o‘ylashga majbur bo‘ladi. Chunki biladiki, uning xatosini sinchiklab tekshiradigan muxolifati bor. Demak puxta qaror qabul qilinadi. 

Buning yana bir foydali tarafi, agar navbatdagi saylovda muxolifatdagi partiya g‘alaba qozongudek bo‘lsa, vazirlikka tayyor nomzod bor bo‘ladi. 

Va nihoyat, innovatsiyaning o‘zi xususida. Janubiy Koreyaning faxrlanadigan tanlovi bor. Ular buni negadir “Go‘zallik tanlovi” deb atashadi. U yilda bir marta davlat rahbari ishtirokida tashkil etiladi. Unga elektron navbat bilan yozilib, istagan kishi davlatni rivojlantirish bo‘yicha o‘z loyihasini taqdim etadi. Uchrashuv ochiq bo‘ladi. Davlat rahbari bunga bir haftasini bag‘ishlaydi. 

Buning foydasi nimadan iborat? Davlat rahbari shu yerning o‘zida maqbul loyihaga mablag‘ ajratadi, yangi vazirliklar tashkil etishi mumkin bo‘ladi. 

Nihoyat g‘oyalar haqida. Janubiy Koreyada “Milliy g‘oyangiz bormi?” deb so‘radim. Ular dastlab milliy g‘oya totalitarizm belgisi, u-bu deb javob qaytarishdi. Lekin, o‘ylab-o‘ylab Koreya davlat boshqaruvi akademiyasi prorektori menga aytdiki: “Bo‘ldi, tushundim savolingizni. 2020 yilgacha YaIM (yalpi ichki mahsulot)ni aholi jon boshiga 20 ming AQSh dollarga chiqarish bizning milliy g‘oya”, - dedi. 

Nazarimda partiyalarimiz ham dadil, qo‘l bilan ushlab ko‘rish mumkin bo‘lgan g‘oyalarni ilgari suradigan vaqt keldi, deb o‘ylayman”, - deya yakunladi Nigora Umarova.    

Top