19:39 / 21.07.2017
8156

KXDR iqtisodiyoti 1999 yildan beri ilk bor rekord o‘sishga erishdi

Shimoliy Koreya iqtisodiyoti 2016 yilda 1999 yildan beri ilk bor o‘sishning maksimal ko‘rsatkichini qayd etdi.

Bu haqda Bloomberg Janubiy Koreya Markaziy banki ma'lumotlariga asosan xabar bermoqda.

Ta'kidlanishicha, bunday ko‘rsatkichga mamlakat 2015 yilda yuz bergan qurg‘oqchilikdan so‘ng o‘z qaddini tez tiklab olgani tufayli erishilgan.

Xususan, statistikaga ko‘ra, yalpi ichki mahsulot avvalgi yil bilan taqqoslaganda 3,9 foizga o‘sdi. Bunda eng katta ulushni tog‘-kon va ishlab chiqarish sektorlari qo‘shishgan. KXDRda aholi jon boshiga YaIM hajmi 1,3 ming dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Janubiy Koreyaning darajasidan 4,5 foizni tashkil etadi.

Agentlikning ta'kidlashicha, o‘sish jahondagi ko‘plab davlatlar tomonidan sanksiyalarning kuchaytirilishiga qaramay yuz berdi.

Avvalroq Rossiya Shimoliy Koreyada rejimni o‘zgartirishga qarshi ekani xabar qilingandi.

 

Top