17:23 / 21.07.2017
8176

“Milliy Tiklanish” vakili partiya hukumatda o‘z portfeliga ega bo‘lishi kerakligini aytdi 

Foto: Xalqaro press-klub

Bugungi kunda butun dunyo mamlakatlarida milliylik masalalari kun tartibiga chiqmoqda. Shu maqsadda, O‘zbekistonda ham sof o‘zbek tilida gaplashish, milliy jihatlarni kuchaytirish, iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bir qatorda kun tartibiga olib chiqilishi lozim. Xalqaro Press-klubda parlament a'zolari bilan tashkil etilgan sessiyada shu mavzuga ham e'tibor qaratildi. 

Sessiya moderatori Sh.Qudratxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda partiyalar orasida bu masalada “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi biroz jon kuydirmoqda, biroq bu ham yetarli emas. 

“Masalan, yaqinda 2-3ta viloyatlarda bo‘ldim. Joylarda telekanallardagi hamma titrlar ruschada. Mana, masalan UzDigital TV kanallarini ko‘ringlar. Biron e'lon bermoqchi bo‘lsa, birinchi rus tilida yozadi: Uvajayemyye abonenty! Falon-falon. O‘zbekcha musiqa yoki ko‘rsatuv ketayapti, ammo tagida birinchi rus tilida e'lon yoziladi. Nega “Milliy Tiklanish” demokratik partiyasi UzDigital TV kompaniyasiga xat yozib, O‘zbekistonning 85 foiz aholisi o‘zbek ekani, o‘zbek tilida gaplashishiga e'tibor qaratmaydi? Mobil kompaniyalarga qo‘ng‘iroq qilsangiz ham ahvol shu, birinchi ruscha gapiradi”, - dedi Sherzodxon Qudratxo‘jayev.  

Bunga e'tiroz bildirgan “Milliy Tiklanish” partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a'zosi Alisher Qodirovga ko‘ra,partiya bu borada so‘nggi saylovlardan buyon juda ko‘p tashabbuslar bilan chiqqan, ammo uning hukumat tarkibida portfeli bo‘lmagani sababli imkoniyatlari cheklangan. 

Qodirovning hikoya qilishicha, deputat sifatida qishloqlarga borishganida o‘zbek tili bilan bog‘liq g‘aroyib holatlarga ko‘p bora duch kelishadi.

“Qishloqqa borayapmiz, deputat sifatida. Yashasa, bir yarim ming-ikki ming aholi yashaydi. Bitta kichkinagina binoga “My otkrylis” deb yozib qo‘yibdi. Shu qishloqda rus tilida gaplashadigan odam borligiga shubha qilasiz. Davlat tili to‘g‘risidagi qonunning buzilganini borib aytsangiz, “aka, bizlarga shuni berishdi”, deb javob beradi. Shuni ochgan tadbirkor shu narsani qilish kerak, degan tushunchada yashayapti. 

Bu yerda masala nimada? Nafaqat, o‘zbek tili to‘g‘risidagi qonun ijrosi, balki to‘y-hashamlarni o‘tkazish yoki bo‘lmasa milliy qadriyatlarimizni toptalishi masalalari bo‘yicha juda ko‘p muammolar bor. Lekin “Milliy Tiklanish” partiyasi bugungi kunda bu masalalarni olib chiqish uchun hukumat darajasida birorta vakili yoxud vaziriga, hukumat tarkibida biror o‘ringa egami? Prezident 12 iyuldagi yig‘ilishda partiyalar saylovlarda olgan o‘rinlariga qarab hukumatda portfeliga ega bo‘ladigan tizimga o‘tilishini aytdi. Masalan, bugungi kunda “O‘zbekturizm” yoki Madaniyat vazirligi rahbari “Milliy Tiklanish” partiyasi vakili bo‘lganida, biz yuqorida qayd etilganga o‘xshash masalalarni hal etishda ko‘proq imkoniyatga ega bo‘lar edik. 

Ammo, keling ochiqcha gaplashaylik. Bugungi kunda bizda kuchli ijro hokimiyati bor. Biz bu masala bo‘yicha murojaat qilganmiz. Ammo, Prezident aytganidek, deputatlar Parlament nazorati degan vakolatidan yetarli darajada foydalana olmayapti. Qonunchilik Palatasidagi fraksiyalar 200 dan ortiq deputatlik so‘rovini amalga oshirgan. Bu murojaatlarga ijro hokimiyatidan munosabat qanday bo‘layapti? To‘g‘ri, partiyalarning mudroqligi, go‘yoki sun'iy tashkil etilgandek taassurot uyg‘otayotganini ham e'tirof etish kerak. Biz joylarga chiqishni boshlaganimizdan keyin qabul qilingan qonunlarimiz umuman ishlamayotgani yoxud yuzaki yondashilayotganini ko‘ra boshladik”, - deya keskin fikrlarini bildirdi Alisher Qodirov. 

Top