10:35 / 21.07.2017
8907

O‘zLiDeP vakili: O‘zbekiston aholisining 30 foizi norasmiy sektorda band

19 iyulda Xalqaro Press-klubda parlament Qonunchilik palatasi deputatlari, senatorlar va ekspertlar, OAV vakillari ishtirokida sessiya bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilingan edi. 

Unda partiyalarning xalq, saylovchilar orasida obro‘sini tiklash, partiya safini kengaytirish masalalari xususida ham fikr almashildi. 

O‘zLiDeP fraksiyasi a'zosi, Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirovning aytishicha, O‘zLiDePning salohiyati boshqa partiyalarga qaraganda ustunroq. 

Abdurashid Abduqodirov

“Shundan kelib chiqib, joylarga chiqib o‘rganganimizda shu narsa ma'lum bo‘ldiki, iqtisodiyotning norasmiy sektorida band aholi qariyb 30 foizni tashkil qiladi. Bu degani, ular shunga majbur. Qanaqadir tartiblar, ruxsat beruvchi qoidalarning og‘irligidan kelib chiqib, ular norasman, ya'ni noqonuniy faoliyat ko‘rsatishga majbur bo‘lib qolgan. 

Misol uchun aholiga yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatayotgan taksichilar bilan suhbatlashilganda, ulardan tashvishi, qonuniy usulda shu faoliyat bilan shug‘ullanmasliklari, litsenziya olib, mas'uliyati cheklangan jamiyatlarga a'zo bo‘lishlari uchun nima qilish kerakligi o‘rganilganda, ushbu tadbirkorlikni tartibga soluvchi qoidalardagi ko‘pgina bandlardan noroziliklarini bildirishdi. Ularning aytishlaricha: 

Birinchidan, ular o‘z shaxsiy mashinasini boshqa bir rangga qayta bo‘yashga majburligini aytishgan. 

Ikkinchidan, faoliyatini boshlamasdan mashinasining davlat raqamini almashtirish, salkam 2 mln so‘mga yaqin xarajat qilishi kerak. 

Ammo, o‘ylab ko‘rilganda, mana ikki shartning yo‘lovchi tashish sifatiga umuman bog‘liqlik jihati yo‘q. Masalan, tegishli chekka tumanlarda avtomobillarni sariq rangga bo‘yash o‘rniga tegishli taksi belgisini o‘rnatgan holda faoliyat yuritishga ruxsat berish maqsadida fraksiya sifatida tegishli qonunlar va me'yoriy hujjatlarga o‘zgartirish kiritishga erishsak, har bir tumanda mingdan ortiq taksichilar so‘zsiz partiyamiz nufuziga ishongan bo‘lar edi”, - dedi Abduqodirov. 

Top