20:10 / 22.07.2017
9276

Dizelgeyt-2 avjiga chiqmoqda: Germaniya avtokompaniyalari maxfiy kartel tashkil etgani gumon qilinmoqda

Germaniyaning dunyoga mashhur Volkswagen, Audi, Porsche, BMW va Daimler avtokompaniyalari o‘tgan asrning 90-yillaridan hozirga qadar yashirin ishchi guruhlar tuzib, texnologiyalar, yetkazib beruvchilar bilan almashib keladi. Bundan tashqari, ular yoqilg‘i sarfini kamaytirib ko‘rsatish usullarini ham bir-biri bilan baham ko‘radi, deb gumon qilinmoqda. Ayni vaqtda monopoliyaga qarshi idoralar tergov-surishtiruv ishlarini boshlab yuborishdi. 

Bu haqda Kolesa.ru nemis nashrlariga asoslanib xabar bermoqda. Shu narsa ma'lumki, Volkswagen, Audi, Porsche, BMW va Daimler kompaniyalarining 200 dan ortiq xodimi so‘nggi 30 yil mobaynida 60 dan ortiq maxfiy uchrashuvlarda qatnashgan. Ishchi guruhlari, xususan, dizel dvigatellaridan chiquvchi zararli gazlarning haqiqiy  miqdorini kamaytirib ko‘rsatish usullarini muhokama qilishgan. 

Tergovchilarga ko‘ra, nemis kompaniyalari vakillari zararli moddalar miqdorini kamaytirib ko‘rsatuvchi dasturlardan tashqari, dizel dvigatellaridan chiquvchi is gazlarini kimyoviy tozalash uchun maxsus suyuqlik solinuvchi AdBlue idishlarining o‘lchamlari ham muhokama mavzusi bo‘lgan. 

Maxfiy uchrashuvlarda yirik idishlar qimmat turishini hisobga olib, kichik o‘lchamli idishlar joylashtirishga kelishib olishgan. Unga solinadigan AdBlue suyuqliklari ko‘proq muddatga yetmagan, ammo zararli gazlar miqdorini aniqlashga doir tesstlardan o‘tishga kifoya qilgan. 

Ta'kidlanishicha, monopoliyaga qarshi kurash idoralari talab qilgan hujjatlar oradan ikki hafta o‘tganidan so‘ng Volkswagen va Daimler tomonidan taqdim etilgan. Shu xabarlardan keyin Daimler, BMW va Volkswagen aksiyalari narxi tushib ketgani aytilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Daimler kompaniyasi zararli gazlar miqdorini kamaytirib ko‘rsatuvchi dizel motorli millionga yaqin avtomobilni sotganlikda gumon qilingan edi. Keyinroq, nemis konserni bu kabi qonunbuzarliklar yo‘qligini aytgan bo‘lsa-da, Yevropada 3 mln avtomobilini qaytarib olish kampaniyasini boshladi. 

Top