19:53 / 22.07.2017
26997

Farg‘onalik uy bekasi 1000 tupga yaqin handon pista ko‘chatini xaridorlarga yetkazib berdi

Osiyoda "Hayot daraxti", Xitoyda "Omadli yong‘oq", Afg‘oniston, Eronda mo‘l-ko‘lchilik, salomatlik ramzi, deb qaraladigan xandon pista haqiqatan 1000 yilgacha yashashi, foydali jihatlari ko‘pligi bilan boshqa daraxtlardan ajralib turadi.

Farg‘ona vodiysi O‘zbekistonning aholi eng zich joylashgan hududlaridan.  Hudud yerlari xandon pista yetishtirish uchun qulaydir. Yurtimizda kam yetishtiriladigan ushbu pista daraxti Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanida ekilganiga 45 yil bo‘libdi. Dilfuza opa Qodirova huddi shu pista daraxtini ko‘p yillardan buyon parvarish qilar ekan.

Asli uy bekasi bo‘lgan Dilfuza opa kichik tomorqasidan unumli foydalanishni odat qilgan.  Tomorqasida olma, shaftoli, yong‘oq, sofiya singari daraxtlar parvarish qilinayotganini ko‘rish mumkin. Yillar sayin ko‘paytirib borilayotgan ko‘chatlar o‘z mevasini ham bermoqda.  Non ushog‘i ham non deganlaridek, yerning bir qarichi ham yer. Undan unum bilan  foydalanish hadisini olgan opa pistazorlar oralarini ham bo‘sh qoldirmaydi. Sabzavotli ekinlar, no‘xat, loviya va boshqa o‘simliklar tomorqaga o‘zgacha bir fayz kiritib turibdi.

Shu yilning o‘zida 1000 tupga yaqin handon pista ko‘chatini xaridorlarga yetkazib bergan Dilfuza Qodirovada o‘z imkoniyatlarini yanada kengaytirish ishtiyoqi bor.

O‘zbekiston sharoitida yetishtirilayotgan xandon pistalar tarkibida salomatlik uchun 24 ta foydali element mavjudligini mutaxassislar e'tirof etishgan. Dunyoning boshqa yerlarida yetishtirilayotgan  hosillarga qaraganda oltin vodiy zaminidan olinayotgan pistada foydali taraflari ham ko‘p. Oilasi, yurti va xalqi manfaatini ko‘zlab harakat qilayotgan qahramonimiz yer maydoni olib, ish o‘rinlari yaratish hamda yiliga 7 ming tupdan ortiq pista ko‘chatini xaridorlarga yetkazib berishni reja qilgan.

Pista daraxti qurg‘oqchilikka, sovuqqa chidamli sanaladi. 45 yillik xandon pista daraxtidan o‘tgan yili 35 kilogramm hosil olgan Dilfuza Qodirova bu yil undan ham ko‘proq hosil kutmoqda.

O‘zbek zaminida pishgan xandon pistaning nafaqat yirikligi, balki mazasida ham farq seziladi. Dilfuza opaning maqsadi faqat bitta u ham bo‘lsa, Bag‘dod tumani nomini o‘zi yetishtirayotgan pistalari bilan mashhur qilish.

Top