16:20 / 23.07.2017
12352

Hindiston qurbonlar ro‘y bergan teraktlar soni bo‘yicha jahonda uchinchi o‘ringa chiqib oldi

Hindiston 2016 yil mobaynida insonlar o‘limiga sabab bo‘lgan terrorchilik hujumlari ro‘yxatida Iroq va Afg‘onistondangina ortda qolib, bu borada Pokistondan o‘zishga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi Times of India nashri.

«2016 yilda terrorchilik hujumlariga duchor bo‘lgan davlatlar ro‘yxatida Hindiston o‘zining noqulay qo‘shnisi — Pokistondan ham battarroq holatlarga duch kelib, uni uchinchi o‘rindan siqib chiqargan», — deb yozadi nashr AQSh davlat departamenti buyurtmasiga ko‘ra o‘tkazilgan, terrorizmni o‘rganish va unga qarshi harakat qilish milliy konsorsiumining (START) tadqiqot ma'lumotlarga asosan.

2016 yilda jahon bo‘ylab yuz bergan 11.072 terrorchilik hujumidan 927 tasi Hindiston ulushiga to‘g‘ri keladi, bu esa 2015 yildagi (798) dan 16 foizga ko‘p. Undagi o‘lim holatlari ham 17 foizga — 2015 yilda 289 kishi qurbon bo‘lgan bo‘lsa, o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 337 kishiga yetgan, davr mobaynida yaralanganlar soni 500 dan 636 kishiga ko‘tarilgan. Bir vaqtning o‘zida esa Pokistonda terrorchilik aktlarining 27 foizga kamaygani kuzatilgan  — 2015 yildagi 1010 tadan 2016 yilda 734 marta.

Hujjatda qayd etilishicha, Hindistonda uyushtirilgan terrorchilik aktlarining uchdan ikki qismi so‘l ekstremistlar — naksalitlar tomonidan amalga oshirilgan. START’ning baholashiga ko‘ra, naksalit-maochilar guruhi qurbonlar soni bo‘yicha hattoki Nigeriyaning «Boko Haram» guruhidan ham ilgarilab, IShID terrorchilik harakati va «Tolibon» harakatidan so‘ng jahondagi uchinchi terrorchilik guruhiga aylanib ulgurishgan.

Maochi jangarilar «qizil belbog‘», deb ataluvchi shtatlar — Bihar, Chhattisgarh, Jharkhand, Orissa, Maharashtra shtatining sharqiy qismidagi junglilarda yashirinib yurishibdi. 60-yillardan buyon ular markaziy hukumatga qarshi chinakam partizanlik urushi uyushtirib kelishmoqda: ular amaldorlar, huquq-tartibot organlari xodimlari, tinch aholiga hujum qilishadi. O‘tgan yili naksalitlarning mamlakat bo‘ylab uyushtirgan 336 teraktida 174 kishi halok bo‘lgan va 140 dan ziyod kishi yaralangan. O‘tgan yili Hindistondagi eng qonli terakt iyul oyida Biharda uyushtirilgan edi — o‘shanda 16 insonning yostig‘i qurigan edi.

Top