12:50 / 23.07.2017
26784

Samarqanddagi Xalq qabulxonasi Prezident va xalq ishonchini oqlayaptimi?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan joylardagi Xalq qabulxonalari talab darajasida ishlayaptimi? Ular aholining og‘irini yengil qilish borasidagi o‘z vazifasini qanday bajarmoqda? Afsuski, bu savollarga Samarqand viloyatidagi qabulxona faoliyati asosida ijobiy baho berish mushkul. 

17 iyun kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenov viloyatdagi Xalq qabulxonalari ishidan norozi ekanligini ta'kidlab o‘tgan edi. Keling, buning isboti sifatida aniq misollarga murojaat etaylik.

Ikkinchi guruh nogironi Faridun Ibragimov 2017 yilning 25 mayida Samarqand viloyat Xalq qabulxonasiga quyidagi shikoyat-ariza bilan murojaat qilgan edi:

«Samarqand shahar Ichki ishlar boshqarmasi jinoyat qidiruv bo‘limida ishlab yurgan vaqtimda, ish paytida tan jarohatini bosh qismimda olib, ikkinchi guruh nogironi bo‘lib, nafaqaga chiqqan edim. 2004 yildan beri biror marotaba sanatoriyaga borganim yo‘q. Ichki ishlar boshqarmasi poliklinikasidan har yili so‘rayman, «erta-indin», deb aldab kelishadi. «Yo‘llanma bo‘lsa qo‘ng‘iroq qilamiz», deya, quruq va'da berishadi. Qonun doirasida men va xotinimga yo‘llanma berishlari kerak. 

Bir oy oldin borganimda, «yo‘llanma bo‘lsa, o‘zimiz qo‘ng‘iroq qilamiz», deb aldashdi. Men davlatimiz uchun yarim jonimni berib, nogiron bo‘ldim. Qachongacha bularning quruq va'dasiga ishonib yurish mumkin? Men qonuniy yo‘llanma uchun ularga farzandlarimning rizqidan qirqib, biror narsa berishim kerakmi? Uch farzandim bor, xotinim ishlamaydi. 

Poliklinika bosh hisobchisi Rinat Toshev «qachon yo‘llanma bo‘lsa, o‘zimiz telefon qilamiz», deb bir oydan beri qo‘ng‘iroq qilmaydi. Davolanishda menga qarash uchun xotinim yoki boshqa biror yaqinim borishi kerak. «Kerak bo‘lsa, bir yil yoki o‘n yil kutasiz», deganidan keyingina shikoyat qilishga majbur bo‘ldim. 

Menga tog‘li hududga borib davolanib kelishim uchun yo‘llanma olishimga yordam berishlaringizni so‘rayman. Aks holda, Prezident portali hamda internet saytiga chiqishga majbur bo‘laman». 

F. Ibragimov vaqtida, ya'ni 15 kundan so‘ng Xalq qabulxonasidan javob olmagach, 22 kun deganda yana u yerga murojaat qildi. Xalq qabulxonasidan poliklinikaga qo‘ng‘iroq qilib, faks orqali javob xatining nusxasini olishdi. Mana o‘sha javob maktubi:

« O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali yo‘llagan viloyat IIB tomonidan 26.05. 2017 yildagi 1/vm-2872-sonli siporish bilan ro‘yxatga olingan. Tog‘li joylarga borib, davolanib kelishga yo‘llanma olishga yordam berishni so‘rab yozgan arizangiz IIB Tibbiyot bo‘limining ma'sul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi va sizga shuni yozib ma'lum kilidiki, Sizning haqiqatdan ham ikkinchi guruh nogironi ekanligingiz kasalligingiz ish vaqtida ortirilganligini haqida IIB Tibbiyot boshqarmasiga xat orqali chiqildi va Siz uchun tog‘li hududda joylashgan sanator kurortlardan biriga iyul oyiga talabnoma berildi. Turmush o‘rtog‘ingizga IIV qonuniga asosan hozircha ruxsat berilmaganligini ma'lum qilamiz». (Javob xati tahrirsiz berilmoqda).

Boshqarma Tibbiyot bo‘limi boshlig‘i imzosining tagida «Ibragimov nusxasini oldi 07.06.17» yozuvi mavjud. Go‘yoki arizachi javobni belgilangan muddatda olgan ekan. Ibragimov poliklinikaga bormasdan javobni qanday olgan bo‘lishi mumkin? Agarda javobni pochta orqali jo‘natganda, pochta kvitansiyasi tikilgan bo‘lardi. Qisqasi, nogiron Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, u yerdan javob xati olgan emas. Shu sababli, chorasiz qolgan F.Ibragimov jurnalistga murojaat qilishga majbur bo‘lyapti. 

Xuddi ana shunday holat Samarqand shahrining Julmatov ko‘chasi 16-uyda yashovchi Ziyodullo Niyozov bilan ham ro‘y berdi. Ziyodullo aka hamda xotini nafaqaxo‘rlar shaharning So‘g‘diyona mavzesidagi 78-uy 14-xonadondan Julmatov ko‘chasidagi uyga ko‘chib o‘tishlari sababli, nafaqalarini 60-sonli pochta bo‘limidan 32-pochtaga o‘tkazishni so‘rab ariza yozishadi. 2017 yilning iyun oyi nafaqasini olgani pochtaga borishsa, Ziyodullo akaga nafaqa boru, xotiniga yo‘q. Sababini bilish uchun Samarqand shahar Byujyetdan tashqari pensiya jamg‘armasiga borganida umr yo‘ldoshi Bashorat Rahimovaning hujjatlari yo‘qolganligi ma'lum bo‘ladi. Bundan xabardor bo‘lgan Z.Niyozovning hushi boshidan uchadi: olti yildan beri nafaqa olib kelgan kishining hujjatlari idorada qanday qilib yo‘qolishi mumkin? Xotini yurak va qand kasali bilan yotib qolgani, nafaqa pullariga dori-darmon sotib olishini tushuntirishga harakat qiladi. Ammo «osmon baland, yer qattiq» deganlaridek, Pensiya jamg‘armasidan hech qanday natija chiqmaydi. 

Ziyodullo aka majbur bo‘lib, viloyat Xalq qabulxonasiga murojaat qiladi. Xalq qabulxonasi bilan Pensiya jamg‘armasi yonma-yon joylashgani uchunmi yoki arizalar sonini kupaytirmaslik sabablimi, qabulxoni mas'uli arizani qayd qilmaydi. U Pensiya jamg‘armasidan xodimni chaqirib, arizachiga yordam berishni so‘raydi. Bu ishda pensionerga yordam berishi kerak bo‘lgan xodim Abror Boymurodov «erta keling, indin keling», deyishdan nariga o‘tmaydi. 

Z.Niyozov ham jurnalistga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Biz birgalikda A.Boymurodovga uchrashganimizda, u barcha hujjatlarni bir hafta–o‘n kunda taxlashni va'da beragan edi. Ziyodullo akaning xotiniga iyun oyi uchun nafaqa yozishadi, iyul oyiniki avgustniki bilan qo‘shib berilishini hamda hujjatlarni arxivdan topib, qaytadan tiklashayotganligini ma'lum qilishadi.

O‘z o‘zidan savol tug‘iladi: jurnalist bajargan ishni nima uchun Xalq qabulxonasi bajara olmadi? Unga shahardagi katta binoni berib qo‘yishgan bo‘lsa, ber necha kishi yaxshigina oylik maoshni byudjyetdan olishsa-yu, davlat va xalqning ishonchini oqlamasliklarining sababi nimada? Boz ustiga, shikoyat-arizalar jurnalistlarga yoki yuqori tashkilotlarga, ya'ni Toshkentga yuboriladigan bo‘lsa, unda bu yerda Xalq qabulxonasi nima uchun kerak? 

Murtazo Tursunov,
jurnalist.

Mavzuga oid
Top