01:21 / 23.07.2017
9143

Turkiya terma jamoasi bosh murabbiyi restoran janjaliga aralashdi

Turkiyaning Izmir shahridagi Alachati dahasida ikki restoran o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab chiqqan mojaroga Turkiya futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Fotih Terim ham aralashgani turk matbuotida o‘z aksini topdi.

Alachatida ochilgan ikki yangi restoran o‘rtasidagi ziddiyatning shov-shuv bo‘lishiga sabab, ularning biri “Adanaspor” klubining sobiq prezidenti Salohiddin Aydog‘duga qarashli Yüzevler Kebapçısı kabob restorani bo‘lsa, ikkinchisi Fotih Terimning kuyovi Ahmet Baran Chetin muassislaridan biri bo‘lgan Beeves Steak House steyk restorani ekanidir.

Matbuotda yoritilishicha, murosa qochishi ikki yangi restoran orasiga devor qad rostlashi va buning ortidan Terimning kuyovi qo‘shnisidan qo‘rani nariroqqa olishini so‘rashidan boshlandi. Kabob restorani sohibining qo‘rani atigi 60 sm siljitganini yetarli emas, deb topgan Ahmet Baran Chetin o‘rtaga qaynotasini tiqdi.

Fotih Terimning “Adanaspor” sobiq prezidentiga telefonda tahdidomuz tarzda murojaati javobsiz qolgach, Turkiya terma jamoasi bosh murabbiyi ikki kuyovi hamda qo‘riqchilari bilan birgalikda Izmirga kelib, Beeves Steak House restoranini vayron qilib, stol-stullarni sindirib tashlashdi. Restoran egasi Salohiddin Aydog‘du bilan Fotih Terim o‘rtasida katta janjal bo‘ldi. Politsiya kelganida Terim va sheriklari restoranni tark etib ulgurgandi.

“Men yozma shikoyatimni huquq-tartibot organlariga topshirdim. Terim uni qaytarib olishim uchun o‘rtaga katta-katta odamlarni qo‘yyapti. Lekin mening shikoyatni qaytarib olish niyatim yo‘q”, deb bayon qildi u.

Top