12:00 / 24.07.2017
14305

Odilxon qori Yunusxon o‘g‘lining yangi kitobi nashrdan chiqdi

Toshkent shahri, Shayhontohur tuman bosh imom-xatibi Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li qalamiga mansub “Inson manfaatlari – islom ta'limotining oliy mezoni” risolasi (“Movarounnahr” nashriyoti, T. 2017 yil) nashrdan chiqdi. 

Ushbu kitob “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ga bag‘ishlanib, unda insonga manfaat yetkazish va uning foydalari to‘g‘risida so‘z boradi. Muallif bir kishiga manfaat yetkazish naqadar ulug‘ va savobli ish ekaniga Qur'oni karim va hadisi shariflardan hujjat-dalillar keltiradi. Shuningdek, risolada inson manfaatiga munosabat masalasini yoritib berish uchun johiliyat davri bilan islom davrini bir-biriga qiyoslab tahlil qilinadi.

Johiliyat davrida xudbinlik va nafsparastlik ustunlik qilgan bo‘lsa, islom dini kelganidan keyin bu nurli ta'limotda xalqparvarlik va insonga g‘amxo‘rlik yuksak maqomga ko‘tarilgani risolada shunday tushuntirilgan: “Payg‘ambarimiz sahobalari u zotdan o‘rnak olib uylarida biron narsani olib turishni o‘ylamasdilar. Iloji boricha muhtoj va qiynalgan kishini ko‘rganda unga yordam berishga shoshilardilar. Agar o‘zida bo‘lmasa, qarz ko‘tarib bo‘lsa ham, uni xursand qilib qaytarishga harakat qilganlar. Ali ibn Hasan Muhammad ibn Usoma ibn Zayd betob bo‘lib yotganida huzuriga kirdi. U yig‘lay boshladi. Ali ibn Hasan: “Nima bo‘ldi?”, deb so‘radi. U: “Mening qarzim bor”, dedi. Ali ibn Hasan: “Qarzing qancha?”, dedi. U: “O‘n besh ming dinor yoki o‘n ming dinor atrofida”, dedi. Ali ibn Hasan: “Hammasini men to‘layman”, dedi.  

Mazkur risola bilan tanishgan kishi insonga manfaat yetkazishning ajr-savoblari ulug‘ligi va oxiratda ham undan nasibador bo‘lishini hujjat-dalillar bilan isbotlab bergan. Mazkur risola insonga manfaat yetkazish naqadar ulug‘ va sharafli amal ekanini bilishda katta ahamiyat kasb etadi.

Top