20:37 / 24.07.2017
10321

Yilning 1-yarmida iste'molchilar foydasiga 2 mlrd so‘mlik yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilindi

O‘zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Kengashining 2017 yil I yarim yillik faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilishi Andijon shahrida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” davlat dasturi doirasida federatsiya va uning hududiy tuzilmalari amalga oshirgan ishlar tanqid va tahlil nuqtai nazaridan muhokama etildi, kelgusida aholi (iste'molchilar) bilan doimiy muloqotni kengaytirish, aholi huquq va manfaatlarini himoya qilish va iste'mol madaniyatini yuksaltirishning samarali mexanizmlarini joriy etish yuzasidan tegishli rejalar belgilab olindi.

2017 yilning birinchi yarmida federatsiyaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali jami 148 ta murojaat kelib tushdi va ular ijro uchun hududiy birlashmalarga yuborildi. Mazkur murojaatlarning 133 tasi ijobiy hal etildi va iste'molchilarga 15 mln 743 ming 150 so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilib berildi.

“Iste'molchi bilan muloqot” huquqiy maslahatxonalari yarim yil ichida fuqarolardan kelib tushgan 2835 ta murojaatni ro‘yxatga oldi. 2175 ta murojaat bo‘yicha ularga qonun talablaridan kelib chiqib, huquqlari tushuntirildi. 
316 ta murojaat yuzasidan davlat va nazorat qiluvchi organlarga, 59 ta murojaat yuzasidan esa sud organlariga murojaat qilish bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi.

Federatsiya markaziy ijro etuvchi apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari, tuman va shahar jamiyatlari raislari aholi (fuqarolar) bilan jami 4542 marta muloqot o‘tkazdi hamda aniqlangan holatlarni joyida bartaraf etish maksadida mutasaddi idora va tashkilotlarga jamoatchilik nazorati tartibida murojaatlar kiritdi.

Hisobot davrida federatsiya va uning hududiy tuzilmalariga fuqarolardan jami 5725 ta murojaat kelib tushdi, murojaatlarning 5258 tasi, ya'ni (91,8 foizi) ijobiy hal etildi, iste'molchilar foydasiga jami 2 mlrd. 36 mln. 295,5 ming so‘m miqdordagi yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilib berildi.

Bundan tashqari, federatsiya iste'molchilarning huquq va manfaatlarini ko‘zlab, sud organlariga 114 ta holat bo‘yicha da'vo arizasi kiritdi. Ular ijobiy hal etilishi natijasida 140 mln. 539,1 ming so‘mlik moddiy zarar iste'molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilib berildi. 157 ta murojaat nazorat organlariga ko‘rib chiqish uchun yuborilib, ijobiy hal etilishi natijasida iste'molchilar foydasiga 58 mln. 842,2 ming so‘mlik mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.

Kengash yig‘ilishida federatsiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi va viloyatlar birlashmalari raislarining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlar lavozimlarini joriy etish haqida alohida qaror qabul qilindi. 

O‘sha kuni federatsiya kengashi a'zolari “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” dasturi doirasida Andijon viloyat Buloqboshi tumani Qaqir qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli fuqarolarning xonadoniga borib, uchrashuvlar o‘tkazdi va ularning muammolarini o‘rgandi. 

Federatsiya ijtimoiy yordamga muhtoj Isroil va Nasiba Yo‘ldoshevlar xonadoniga bitta sigir ajratdi. 

O‘sha joyda istiqomat qiluvchi Fayzxon Turg‘unova bilan muloqot qilinganda u nogiron farzandini kasalxonaga yotqizib davolatishga, unga dori-darmon sotib olishga qiynalayotganidan, bundan tashqari, uyining boshlangan qurilishini tugatishga mablag‘ yetishmagani sababli qiynalayotganidan shikoyat qildi. Ushbu oilaga mahalliy hokimiyat idoralari bilan birga yordam berish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi belgilandi va oilaga amaliy yordam ko‘rsatishga qaror qilindi.

Top