21:25 / 25.07.2017
6409

Buxoro va Navoiy viloyatlariga «Salomatlik» poyezdlari jo‘nab ketdi

Aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza qilish, tibbiyot sohasidagi islohotlar samarasini oshirish davlatimizning doimiy e'tibor markazida bo‘lib kelmoqda. Buni har bir fuqaroning o‘zining kundalik turmushida sezib, ko‘rib yashamoqda.

6 iyul kuni davlat rahbari raisligida sog‘liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, sohadagi mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish masalalariga bag‘ishlangan navbatdagi videoselektor yig‘ilishda ham inson salomatligini mustahkamlash, O‘zbekistonda tibbiy xizmat sifatini oshirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Yig‘ilishda ko‘plab vazifalar qatori hududlarda aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish uchun “Salomatlik” poyezdlarini tashkil etish vazifasi ham qo‘yilgan edi. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining xabar berishicha, Prezidentning mazkur topshirig‘i ijrosi doirasida 24 iyul kuni Buxoro va Navoiy viloyatlarining chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholini yuqori malakali tor soha mutaxassislari ishtirokida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish maqsadida “Salomatlik” poyezdlari Toshkent shahridan jo‘nab ketdi. 

Ushbu ko‘riklarni har tomonlama yuqori saviyada tashkil etish va aholining ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamga muhtoj qatlamini to‘liq qamrab olish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligida puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Har ikki hududda ham 25 iyul kuni ixtisoslashtirilgan markazlar direktorlari boshchiligida o‘nga yaqin tor mutaxassislardan iborat guruhlar o‘z ishini boshladi. Ular tarkibi respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, ilmiy-tekshirish institutlari, respublika klinik shifoxonalarining yetakchi olimlari, tibbiyot fanlari doktorlari va yuqori malakali shifokorlaridan tashkil topgani ayniqsa e'tiborli. 

“Salomatlik” poyezdlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarga yuborilishini ta'minlash hamda tibbiyot xodimlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati har jihatdan ko‘mak bermoqda.

Aytib o‘tish o‘rinliki, tizimli islohotlar natijasida ma'lum natijalarga ham erishildi. Xususan, Prezidentning joriy yil 29 martdagi “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida 793 qishloq vrachlik punkti negizida qishloq oilaviy poliklinikalari, 441 tez tibbiy yordam shoxobchalari tashkil etildi. Qishloq vrachlik punktlarini maqbullashtirib, qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etilishi birlamchi tibbiy yordamni yanada yaxshilash bilan birga, respublika markazlariga xos sifatli tibbiy xizmatni qishloq aholisiga yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. 

Yangidan tashkil etilayotgan Qishloq oilaviy poliklinikalari zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. E'tiborli tomoni, qishloq oilaviy poliklinikalarida umumiy amaliyot shifokori va o‘rta tibbiyot xodimlaridan tashqari, xirurg, pediatr, akusher-ginekolog, stomatolog, ultratovush tekshiruvi mutaxassisi kabi tor mutaxassislar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani eng avvalo, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatni olis qishloqlar aholisiga yaqinlashtirish imkoniyatini yaratadi. Qolaversa, aholini tibbiy ko‘rik va maslahat olish uchun tuman markaziga, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga qatnab yurishining oldini olmoqda. 

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Buxoro va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilayotgan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklar ham ayni shu sa'y-harakatlarning mantiqiy davomidir. Bu ko‘riklarda har bir bemorga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, to‘shakda yotib qolgan qariyalar va bemorlar holidan zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan uyiga borib xabar olinmoqda. Ko‘riklar natijasida aniqlangan bemorlarning ambulator sharoitda viloyat va respublika tasarrufidagi davolash-profilaktika muassasalarida va respublika ixtisoslashtirilgan markazlarida o‘rnatilgan tartibda sog‘lomlashtirilishi ham ko‘zda tutilgan. Urush va mehnat fronti faxriylari va keksalarga chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan olingan natijalarga qarab sanator-kurortlarga tavsiyalar berilmoqda.

E'tiborli tomoni, ushbu tadbir faqatgina tibbiy yordam ko‘rsatishga qaratilmagan. Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlaridan borgan malakali mutaxassislar mahalliy shifokorlarga murakkab jarrohlik amaliyotlari va davolash usullari bo‘yicha mahorat darslari ham o‘tishmoqda. 

Tibbiy ko‘riklar doirasida aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, yuqumli kasalliklarning oldini olish bo‘yicha tushuntirish ishlari va muloqotlar ham olib borilmoqda. 

Respublika markazlarining malakali mutaxassislari tomonidan o‘tkazilayotgan sayyor konsultatsiyalar, murakkab operatsiyalar tuman aholisiga o‘z hududidan chiqmagan holda respublika darajasidagi sifatli ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish imkoniyatini yaratib bergani ayniqsa diqqatga sazovor. Bu esa, bemorning ham vaqtini, ham naqdini tejashga xizmat qiladi. 

Odamlar bilan bevosita muloqot qilib, ularning dardu tashvishlarini tinglash va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan “Salomatlik” poyezdi ko‘plab bemorlarning og‘irini yengil qilmoqda. Buni tibbiy ko‘rikka kelib, malakali xizmatdan bahramand bo‘lib qaytayotgan odamlarning yuz-ko‘zidan ham bilish mumkin. 

Prezident o‘rinli ta'kidlaganidek, sog‘liqni saqlash masalasi har bir odamning kundalik hayotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxldor bo‘lib, bu boradagi muammolar aholining salomatligiga, oxir-oqibatda jamiyatimizning ijtimoiy kayfiyatiga, xalqning davlatga, hukumatga bo‘lgan ishonchiga, hech shubhasiz, eng kuchli ta'sir ko‘rsatadigan sohadir. Shunday ekan, endi tibbiyot xodimlari bemor kelishini xonada kutishi emas, joylarga chiqib, lozim bo‘lsa, xonadonma-xonadon yurib ko‘rik o‘tkazishi, bevosita xalq bilan muloqot qilib, aholi ehtiyoji nuqtai nazaridan faoliyatini tashkil etishi lozim. Shundagini xalq tibbiy xizmatdan rozi bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top