18:02 / 26.07.2017
14589

Rossiyaga ketayotgan mehnat muhojirlariga sertifikatlar topshirildi

Foto: kun.uz

26 iyul kuni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun jo‘nab ketayotgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida anjuman tashkil etildi. Anjumanda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Aziz Abduhakimov mehnat muhojirlari bilan uchrashib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, kerakli maslahatlarni aytib o‘tdi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar beradi. 

Tadbirda, shuningdek, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, Tashqi ishlar vazirligi xodimlari hamda jurnalistlar ishtirok etishdi. 

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida imzolangan bitimga muvofiq, Rossiyada mehnat qilayotgan va mehnat qilish istagida bo‘lgan fuqarolarning huquqlari, qonuniy manfaatlari himoyalanadi. Ish beruvchining migrantlarni tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilishda ishtirok etishining majburiy shartlari quyidagilar: 

  • zaruriy sanitariya-gigiyena va boshqa me'yorlarga muvofiq yashash joylari;
  • mehnatning  xavfsiz shartlari;
  • ish joylarida texnika xavfsizligini ta'minlash;
  • mehnatni qo‘riqlash;
  • Rossiya Federatsiya qonun hujjatlarida belgilangan eng kam darajadan kam bo‘lmagan kafolatlangan mehnat haqi berish.

Ayni damda Tashqi migratsiya, rekrutsiya faoliyati to‘g‘risida yangi qonun loyihalari yaratilmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Agentlikning filiallari O‘zbekistonning barcha viloyatlarida ochilishi maqsad qilingan. Shuningdek, Rossiyaning 8 ta shahrida, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari ko‘pchilikni tashkil etadigan Qozog‘iston, Koreya, Yaponiya, Polshada ham vakolatxonalar ochish ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida imzolangan bitim mexnat migratsiyasi jarayonlarini qonuniy oqimga solish imkonini beradi, mehnatkash ishchilarning o‘zga yurtda huquq va erkinliklarini himoya qiladi, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini kafolatlaydi. Bundan tashqari, odam savdosiga sabab bo‘luvchi noqonuniy migratsiyaning oldini olishga yordam beradi. 

Bugungi tadbir yakunida mehnat migrantlariga vazirlik tomonidan sertifikatlar topshirildi.

Top