16:40 / 26.07.2017
25983

Turkiya milliy mudofaa vaziri O‘zbekistonga keldi

25 iyul kuni Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli boshchiligidagi Turkiya delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Toshkent aeroportida turkiyalik mehmonlarni O‘zbekiston Mudofaa vaziri, general-polkovnik Qobul Berdiyev, Turkiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Bashar Shon hamda boshqa yuqori martabali rasmiylar kutib olishdi.

Turkiya delegatsiyasidan shuningdek, Mudofaa sanoati masalalari bo‘yicha rahbar Ismoil Demir, Milliy mudofaa universiteti rektori Erxan Afyonju, milliy mudofaa vazirligi vakili Basat O‘zturk o‘rin olishgan.

Delegatsiya O‘zbekiston Mudofaa vazirligida qabul qilindi, qabul harbiy marosim bilan boshlandi. Ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi. So‘ngra, Turkiya milliy mudofaa vaziri saf tortgan askarlarni salomladi.

Nurettin Janikli, O‘zbekiston o‘zlarining ota yurtlari ekanini ta'kidlab,  “Bu zaminga qadam qo‘yishimiz alohida bir hayajondir. Tariximizni, o‘tmishimizni, otalarimiz bu tuproqlarda yashashganini his etishdan xursandchilikka burkanamiz” dedi.

O‘zining Vazir etib tayinlanganidan keyin ilk rasmiy tashrifini O‘zbekistonga amalga oshirganini aytib o‘tgan Turkiya milliy mudofaa vaziri, “Butun Turk xalqi, 7 yoshdan 70 yoshgacha hamma O‘zbekistonni chin qardosh, do‘st bir mamlakat sifatida qabul qiladi va sevadi. Oramizda masofa uzoq, lekin ko‘ngillardan ko‘ngillarga bo‘lgan sevgi ipi hech qachon uzilmadi” degan fikrlarni ifoda etdi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi hamda Turkiya milliy mudofaa vazirligi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan rasmiy muloqotlar yakunlangach, ikki mamlakat o‘rtasida harbiy ta'lim sohasida hamkorlik borasida protokol imzolandi.
Mehmonlar kecha shuningdek, Temuriylar tarixi davlat muzeyini ham ziyorat etdilar.

Bugun Turkiya milliy mudofaa vaziri Nurettin Janikli O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyovning qabulida bo‘ladi. Tashrif O‘zbekiston Mudofaa vaziri, general-polkovnik Qobul Berdiyev tomonidan beriladigan rasmiy ziyofat bilan yakunlanadi.

Top