01:53 / 27.07.2017
20348

Qo‘shnilarning roziligisiz oraliqda qo‘shimcha qurilish qilish mumkinmi?

SAVOL: Qo‘shnim uylarimiz oralig‘idagi bo‘sh joyga qo‘shimcha qurilish qilayapti. Mening roziligim ham olinmagan. Loyiha ham qilinmagan. Mazkur holat bo‘yicha qayerga murojaat qilishim kerak?

Dilmurod DeHQONOV,

Pskent tumani

JAVOB: Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkalarida, shuningdek, imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o‘zga ko‘chmas mulk o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi.

O‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.

O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da'vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

Mazkur holat yuzasidan tuman (shahar) hokimligi huzuridagi Yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyaga murojaat qilishingiz zarur.

Savolga Toshkent shahar Arxitektura va qurilish bosh boshqarmasi yuriskonsulti Xurshida ABIDOVA javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Top