12:49 / 28.07.2017
9645

Qirg‘izistonda prezidentlik poygasiga 40 dan ortiq nomzod kirishdi

Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasiga 40 dan ortiq nomzod prezidentlik saylovlarida ishtirok etish bo‘yicha ariza yubordi. Bu haqda RIA Novosti respublika MSK matbuot xizmati vakiliga asosan xabar bergan.

Qirg‘izistonda 15 oktabrga belgilangan prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun nomzodlarni ilgari surish davom etmoqda. Oliy davlat lavozimi uchun da'vogarlar ro‘yxatdan o‘tish uchun aholining 30 ming imzosini yig‘ishi va MSK hisob raqamiga taxminan 15 ming dollar miqdoridagi saylov pulini to‘lashi lozim. Nomzodlarni ilgari surish 31 avgustga qadar davom etadi.

"Bugungi kunga kelib, Markaziy saylov komissiyasiga 33 fuqarodan ariza kelib tushdi, shuningdek, siyosiy partiyalar 8 nafar nomzodini ilgari surdi", - deya xabar qilgan agentlik suhbatdoshi.

Nomzodlarni til bo‘yicha testdan o‘tkazish 26 iyul kuni boshlandi hamda bu borada birinchi mojaro ham yuz berdi. Parlamentdagi “Ota-Makon” muxolifat partiyasi yetakchi Omurbek Tekebayev testga korrupsiyada gumonlanganlik bo‘yicha jinoiy ish doirasida tergov izolyatorida qolayotgani tufayli kelmagan. Shuningdek, tergov izolyatorida mamlakatning oliy lavozimi uchun da'vogar bo‘lgan yana uch nomzod bor. Respublika nodavlat tashkilotlari hukumatga yoqmaydigan nomzodlar tanlov huquqini amalga oshira olmasligidan tashvishda ekanini bildirdi va MSKdan poyganing barcha ishtirokchilari uchun teng sharoitlar bilan ta'minlashni talab qildi.

Qirg‘iziston konstitutsiyasiga ko‘ra, mamlakat prezidenti bitta olti yillik muddatga saylanadi. Bir kishi o‘z hayoti davomida faqatgina bir marta oliy lavozimni egallashi mumkin. Amaldagi davlat rahbari Almazbek Atamboyevning prezidentlik muddati joriy yilning 1 dekabr kuni yakuniga yetadi.

Mavzuga oid
Top