15:55 / 28.07.2017
48081

Reportaj: AQShdan Toshkentga ilk parvozni amalga oshirgan «Orzu layneri» kutib olindi

28 iyul kuni «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasining Boeing 787-8 Dreamliner yo‘lovchi samolyoti Toshkent-Nyu-York-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozni amalga oshirdi. Shu munosabat bilan Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportida «Orzu layneri»ni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Ekipaj komandiri Pavel Morgachev, Boeing 787 parvoz otryadi uchuvchi-instruktori Aleksey Markin hamda ikkinchi uchuvchi Ulug‘bek Eshmuhamedov «Orzu layneri»ni Toshkent aeroportigacha boshqarib keldi. 

Qayd etish kerak, mazkur parvoz MAK va O‘zbekiston aviatsiyasi tarixida birinchi transatlantik uzluksiz parvoz hisoblanadi. 

27 iyul kuni O‘zbekiston milliy aviakompaniyasining Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti Toshkentdan AQShning Nyu-York shahriga qo‘nishlarsiz parvozni amalga oshirgandi. Uni «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKning Parvozlar kompleksi direktori o‘rinbosari Sergey Kim, aviakompaniya bosh shturmani Stanislav Gurfinkel, Boeing 787 parvoz otryadi qo‘mondoni Asadjon Tursunov, ikkinchi uchuvchilar Rustam Qo‘rg‘onov va Olimjon Uzoqov tarkibidagi ekipaj boshqarib borishdi.

Bugun, 28 iyul kuni bortida 243 nafar yo‘lovchi bilan ushbu samolyot ikkinchi uzluksiz parvozni amalga oshirib, Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Ekipaj komandiri Pavel Morgachevning ma'lum qilishicha,  Nyu-Yorkdan qo‘nishlarsiz amalga oshirilgan parvoz 11 soat 20 daqiqa davom etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, parvoz chog‘ida hech qanday ko‘ngilsizliklar bo‘lmagan, yo‘lovchilardan ham shikoyat tushmagan. Barchasi ko‘ngildagidek amalga oshgan.

«Kun.uz» muxbiri Nyu-Yorkdan Toshkentga birinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozda uchib kelgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashganida, ular samolyot bortida xizmat ko‘rsatish darajasini yuqori baholab, samolyotning qulayligini e'tirof etishdi. 

Zamonaviy, barcha qulayliklarga ega va eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan Boeing 787-8 Dreamliner samolyotlarida Toshkent-Nyu-York-Toshkent yo‘nalishida uzluksiz parvozni amalga oshirish Milliy aviakompaniya tarixida yangi davr boshlanganidan dalolatdir. «Orzu layner»larining ushbu yo‘nalishda ekspluatatsiya qilinishi Milliy aviatashuvchi yo‘lovchilariga yuqori darajadagi qulaylikda Nyu-Yorkka borishni ta'minlaydi. «Orzu layneri»da Nyu-Yorkka parvoz 12 soatni, Toshkentga qaytish 11 soatni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Boeing 787-8 Dreamliner havo kemalaridan tijorat maqsadlarida foydalanishni 2016 yil sentabrda boshladi. Xalqaro yo‘nalishdagi ilk parvoz 9 sentabrda Olmaota shahriga amalga oshirildi. Bugungi kunda samolyotlarda Dubay, Dehli, Amritsar, Istanbul, Tel-Aviv, Seul, Frankfurt, Moskva, Kuala-Lumpur, Singapur kabi shaharlarga parvozlar amalga oshirilmoqda. 

MAKning asosiy maqsadlaridan biri esa, kelgusida samolyotlar parkini yangilash va modernizatsiya qilishdir. «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Amerikaning Boeing korporatsiyasi bilan yana 4ta Boeing 787-8 Dreamliner samolyotini xarid qilish bo‘yicha shartnomani imzolagani yuqoridagi fikr tasdig‘idir. Bu samolyotlar 2019 yilda O‘zbekistonga olib kelinadi.

 Foto: "Kun"

 

Top