10:28 / 29.07.2017
12973

6,4 mlrd so‘mlik tovarlarni noqonuniy olib kirishga uringan shaxslar fosh etildi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Yallama” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan poytaxtda faoliyat yurituvchi “STAP VALLEY AGENT” korxonasi nomiga keltirilayotgan yuklar ortilgan 2 ta yuk avtotransport vositalari belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda yirik miqdordagi bojxona qoidabuzarliklari fosh etildi. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Qo‘shni davlat fuqarolari Ya.Islamov va P.Saidovlar boshqaruvidagi ushbu avtomashinalarda aslida yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra salkam 57 tonna kanop tolasi keltirilayotgan bo‘lishi lozim edi. Ammo bojxona ko‘rigi davomida avtomashinalar yukxonasida ushbu turdagi tovarlar umuman yo‘qligi aniqlandi.

Xususan, avtomashinalardan birida, kanop tolasi o‘rniga hujjatlarda ko‘rsatilmagan, bojxona nazoratidan yashirilgan, xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan 99 turdagi tovarlar, kiyim-kechaklar, oyoq kiyimlari, suvenirlar va boshqa turdagi mahsulotlar borligi aniqlandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, noqonuniy ravishda olib kirishga urinilgan mazkur tovar-moddiy boyliklarning taxminiy narxi salkam 3,3 mlrd. so‘mni tashkil qilar ekan.

Ikkinchi avtomashinada ham xuddi shunday holat, ya'ni qonunbuzarlar bojxona nazoratidan yashirgancha, 49 turdagi tovarlar: oyoq kiyimlar, shirinliklar, ichimliklar, kiyim-kechaklar,  gazlamalar, maishiy texnika buyumlari va boshqa turdagi tovarlarni olib kirishga uringan paytda to‘xtatib qolindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ikkinchi avtomashinadagi noqonuniy ravishda olib kirishga urinilgan tovar-moddiy boyliklarning taxminiy narxi salkam 3,1 mlrd. so‘mni tashkil qilar ekan.

Shuningdek, viloyat bojxonachilari respublikadan tranzit tarzida o‘tayotgan, Xitoydan Tojikistonga qarab yo‘l olgan yuk avtomashinasini bojxona nazoratidan o‘tkazish vaqtida yana bir bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi.

Yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko‘ra, qo‘shni davlat fuqarosi A.Valiyev boshqaruvidagi ushbu avtomashinaga 7 turdagi salkam 29 tonna xo‘jalik mollari ortilgan bo‘lishi lozim edi. Qolaversa, avtotransoprt yukxonasi eshigidagi plombalarning o‘zgartirilganligi bojxonachilarni yanada shubhalantirdi. Shundan so‘ng, avtotransport vositasi belgilangan tartibda va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, ushbu avtoransportga xo‘jalik mollari o‘rniga qurilishda qo‘llaniladigan salkam 1300 dona gipsokartonlar ortilganligi fosh bo‘ldi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top