23:37 / 29.07.2017
34658

Samarqandda bir necha oliygoh o‘qituvchilari pora bilan qo‘lga tushgan

Har yili oliygohlarga kirish uchun test imtihonlari yaqinlashar ekan, ommaviy axborot vositalarida nopok o‘qituvchilarning pora bilan qo‘lga tushgani haqidagi xabarlar bolalaydi. Bu yil ham bundan mustasno bo‘lmadi — «an'ana» buzilmadi.

26 iyul kuni Samarqanddagi «Matbuot uyi»da oliy o‘quv yurtlari rahbarlari ishtirokida test sinovlariga tayyorgarlik va uni o‘tkazishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Nuz.uz muxbiri mutasaddilarga quyidagicha savol bilan murojaat qilgan:

«Bir necha kunlardan beri Samarqandda ayrim oliy o‘quv yurtlarining o‘qituvchilari pora olish chog‘ida huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingani haqida mish-mishlar yuribdi. Mish-mishlarning yolg‘on yoki haqiqat ekanligiga oydinlik kiritish maqsadida aslida nima bo‘lganini so‘zlab bera olasizlarmi?»

Qo‘yilgan savolga javob berar ekan, Samarqand qishloq xo‘jaligi instituti rektori Toshtemir Ostonaqulov institut yuristi o‘z ish kabinetida 10,5 ming AQSh dollari pora olayotganida ushlangani ma'lum qildi.

Samarqand Davlat arxitektura-qurilish instituti rektori Sulton Ahmedovning so‘zlariga ko‘ra, institut xodimlaridan biri abituriyentdan 6 ming AQSh dollari talab qilinayotganda ushlangan va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Samarqand Davlat universiteti prorektori Ahmadjon Soliyevning xabar berishicha, fakultetlardan birining dekani 19 iyul kuni 23 ming AQSh dollariga teng pora olayotganida qo‘lga tushgan.

«O‘qituvchilar orasida ulkan tushuntirish ishlari va korrupsiyaga qarshi tadbirlar olib borayotganimizga qaramasdan, oliygohlarda bunday noqonuniy harakatlar hamon davom etayotgani taassufli, — dedi SamQXI rektori T.Ostonaqulov. — Biz test sinovlari bilan u yoki bu darajada bog‘liq har bir xodimdan tushuntirish xati olganmiz. Sinovlarga tayyorgarlik va ularni o‘tkazish vaqtida tartib-qoidalarni buzish qanday oqibatlarga olib kelishini ular juda yaxshi bilishadi: ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi».

Toshpo‘lat Rahmatullayev

Top