21:51 / 30.07.2017
62593

Oliy ta'lim vaziri 1 avgust arafasida «Kun.uz»ga intervyu berdi

O‘zbekiston yoshlari davlat test imtihonlarini topshirish arafasida turibdi. Bu ularning hayotida unutilmas kun bo‘lib qoladi. Bu yilgi imtihon shaffof o‘tishini ta'minlash borasida barcha chora-tadbirlar  ko‘rildi. Albatta, bu ta'lim soahasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasidir. Biroq, bu hali natija emas. Natijalar marrasiga yetib borgunga qadar katta mehnat va shijoat talab qilinadi. Kun.uz tahririyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri Inomjon Majidov bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.

Qabul kvotalari haqida

Bu yilgi qabul kvotalari qariyb 10 mingga oshdi. Magistraturaga esa bu yilda 5 ming talabani qabul qilish mo‘ljallangan. Albatta, bu boshlanishi. Bu imkoniyatlarga bog‘liq. Qabul kvotasini belgilash bilan OTMlarning imkoniyatlari mutanosib bo‘lishi kerak. Buning uchun moddiy baza, pedagoglar kerak. Albatta, ehtiyoj bundan ko‘proq. 

Hujjatlarni onlayn tarzda qabul qilish

Faqatgina Toshkent axborot texnologiyalari universitetida emas, balki boshqa oliy ta'lim muassasalari ham onlayn tarzda abituriyentlar hujjatlarini qabul qilish tajribasini qo‘llash boshlanmoqda. Faqatgina bu alohida fakultetlarda amalga oshirilayapti. Onlayn tarzda kiritganda yana bir tekshirib olinmoqda. Hozirgi bosqichda shunday. Bu mas'uliyat juda katta ekani bilan bog‘liq. Agarda u yerdagi biron ma'lumot kimningdir xatosi bilan noto‘g‘ri ketib qolsa, bu kimdir bir yilga vaqtini yo‘qotdi, degani. 

Ijodiy imtihon masalasi

Ijodiy imtihonlarda turli yo‘nalishlardagi mezon har xil. Buni maksimal obektiv qilish mumkin. Mening fikrim, qanchalik bu yerga jalb qilingan mutaxassislar malakasi, saviyasi yuqori bo‘lsa, shuncha yuqori obektivlikka erishamiz. Chunki, qandaydir mezonlar qilishimizdan qat'i nazar ijodiy ishda ijod doim bo‘ladi. Bu masalada juda ko‘p e'tiroz bo‘ladi. Ijodiy ishda baholash mezonlarini mukamallashtirib borish kerak. 

O‘zbekistondagi o‘qitish tizimi 

O‘zbekistondagi universitetlarning o‘zida turli darajada boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yilganini aytdi. Jahonda tan olingan universitetlarning tajribasini olish lozim. Bizda o‘quv mazmuni, o‘qitish dasturlari jahon andozalaridan juda ham qolib ketgan, deb bo‘lmaydi. Chunki, har holda oliy o‘quv yurtlarida ilm bilan shug‘ullanadigan pedagoglarimiz salohiyati bor. Mavjud tajriba o‘rganiladi. O‘tgan yili barcha yo‘nalishlardagi o‘quv rejalarini ishlashda 5-6ta rivojlangan davlatlardan o‘quv rejalari olindi. Ularniki hamda o‘zimizniki olinib, solishtirildi. O‘qitiladigan fanlarda juda ham katta farq mavjud emas. 

O‘qishni ko‘chirish 

O‘qishni ko‘chirish uchun ariza topshirishga hech qachon yo‘q deyilmagan. Ko‘chirish masalasida har doim ham arizani topshirish imkoniyati yaratilgan. Uning tartibi bor. Qaysidir qismini oliy o‘quv yurtining o‘zi hal qilib, ko‘chirishi mumkin. Qaysidir qismi esa ikkita oliy o‘quv yurti ichida bo‘ladi. Buni tegishli vazirlik hal qiladi. Bizda talab bor, bitirayotgan mutaxassisning malakasiga ertaga javobgarlik bor. Shuning uchun xorijdagi barcha oliy o‘quv yurtini bir xilda qabul qilib bo‘lmaydi. Lekin har qanday fuqaro o‘qishini ko‘chirishga ariza bera oladi hamda u albatta ko‘rib chiqiladi.

11-sinf masalasi 

10- va 11-sinflar masalasida aniq, ravshan topshiriq qo‘yilgan. Hozirgi kunda har bir maktabda jurnallar yuritilgan. Ota-onalar kelib o‘z xohishlarini yozib berayapti. Har bir viloyatda komissiyalar ishlamoqda va ularning ma'lum natijalari umumlashtirilmoqda. Hozir yoki u, yoki degan masala yo‘q. Hozirgi yilda maktabga boradigan qismi maktabda 10-, 11-sinfni o‘qiydi. Kollejga boradigan qismi 3 yil o‘qiydi. Bundan keyin bu tizim, model ishlanadi. 

Bunker va iks-variantlar

Bu jarayonga aralashadigan juda ko‘p faktorlar bor. Oliy o‘quv yurti mana shularning bo‘lishidan manfaatdor emas. Oliy o‘quv yurti eng yaxshi talablarni o‘ziga yig‘ib olish harakatida. Oliy o‘quv yurti bu holatlarning oldini olishga harakat qiladi. Iks-variant, degan narsani hozir eshitib turibman. Bu narsa aslida chalg‘itish varianti. Ma'lum bir odamlar bunday foydalanib qolmoqchi bo‘ladi. Buni har yili ko‘rganmiz. Afsuski, ko‘p odamlar aldanib qolmoqda. Qanaqasiga hamma variant yechilgan holda ko‘chada yurishi mumkin. Bunaqasi yo‘q.

Top