16:52 / 31.07.2017
20115

Haliyam abituriyent nidosi: “36 savolga 36 javob yoxud sifat muhimmi yoki natija” maqolasini o‘qib...

2016 yilning 23 sentabrida “Kun.uz” internet nashrida chop etilgan “36 savolga 36 javob yoxud sifat muhimmi yoki natija?” maqolasini bugun o‘qidim. Ushbu maqola yozilishiga sabab bo‘lgan kuyukish, fidokorlikni qadrlayman. Lekin kech bo‘lsada, lo‘nda qilib shuni aytamanki, natija muhim...

OTMga kirishdagi test savollarining murakkabligi, ba'zida esa hattoki, tanlangan yo‘nalish uchun mutlaq ahamiyatsiz ekani nuqtai nazaridan ham, natija muhim...

Quyiroqda sifat haqida ham aytib o‘taman, hozir esa natija haqida:

Eng sodda misol, sportning har bir turida natija muhim... Chagayev Valuyevni natija tufayli yutgan - hamma uni qadrladi... Futbolimizda ba'zi o‘yinlarda sifat ko‘ringan edi (Babayandan oldinroq), lekin oqibat natijasizlikka yetaklagach, hozir terma jamoadagilar: bosh murabbiy Babayandan tortib, shtab a'zolariyu futbolchilar yovdek ko‘rinadi biz uchun, ularga ishonmasligini hech kim yashirmaydi.

Endi testga qaytamiz:

Oddiy misol, Informatika faniga oid Informatika axborot texnologiyalari va Informatika o‘qitish metodikasi yo‘nalishlarida informatikadan savol yo‘q. Fizika, matematika, ona tili va adabiyot - uchta blokda joylashadi. Buxgalteriya yo‘nalishida esa buxgalteriya haqida mantiqiy savol ham yo‘q. Hammasidan o‘tib tushadigani shuki, testlarni o‘quvchi tugul o‘sha repetitorlar, OTMdagi, kollej-litseylardagi domlalar yechishga qiynaladi. Ayrim misollar soatlab vaqt oladi. Bunaqa misoldan 36 savol ichida kamida 7-10 tagacha topiladi. Vaqt esa - 12-20da tugaydi. Bu matematika savollari xolos. Ona tili va adabiyotdagi murakkablik asabni egovlashdan boshqa narsa emas. Qaysi “olimlar” o‘ylab topgan bu fanning keyingi evolyutsiyasini!? Fan sivilizatsiyaga erishib, shunchalar mukammalashib, maydalashib ketdiki, uni o‘rganish uchun o‘sha olimlar kallasiga kelgan fikr 19 yoshli bolaga ham kelishi kerak ekan. (Maktab dasturida esa 8-9-sinf o‘quvchilari o‘rganishga mubtalo etilgan o‘sha murakkablikni) Ha, mayli, shu testlarni oxirida yechaman desangiz, ulgurmaysiz. Kamida, 21 ball (matematikaning o‘zida) yutqazasiz... Tavakkal qilish esa, hamma narsani mavhumlikka tortib ketaveradi. Mandat deganlari chiqqanda o‘qishga kirolmagan odam, qaysini to‘g‘ri yechdim, qaysi noto‘g‘ri, deb o‘ylanib qolaveradi. (Apellyatsiya, deysizmi? E, qo‘ysangizchi, ko‘rmadim, eshitmadim biror kim appelyatsiyadan xursand chiqqanini...)

Nima demoqchiman: o‘quvchi yoshlar bilimi sifatsiz ko‘rinishiga ularga o‘rgatilayotgan fanning ikir-chikirlari, mavzularning murakkabligi sababchi, testlar esa haddan ziyod murakkab, haqiqiy vunderkindlar uchun mo‘ljallangan.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: institut yo universitetga kirmoqchi bo‘lganlar uchun bu qadar murakkablikdagi testlarni sifatli yechish muhimmi (vaqt yetmasa ham), natijaga erishishmi?

O‘zi umuman bu murakkkablikdan ma'no nima?

Repetitor o‘quvchi OTMga kirishi uchun katta kuch sarflaydi. Har bir bola bilan induvidual ishlaydi. Ularga testda qanday harakatlanishni huddi favqulodda vaziyatga tayyorlagandek tushuntiradi. (Umumiy auditoriya ochib o‘tirganlar bundan mustasno.)

Endi sifat haqida aytaman:

Sifatga erishish uchun unga imkoniyat yaratish va yaratilgan imkoniyatlardan bola, ota-ona, ustoz, ta'lim muassasasi ma'muriyati, (shahar, tuman, viloyat) mahalliy hokimiyatlari foydalanishni bilishi kerak.

Bola qanday foydalanadi? U o‘qiydi, intiladi, harakat qiladi. Tinimsiz mehnat qiladi. (Menda aynan shu jihatlar o‘z vaqtida topilmagan, ozgina sustkashlik qilganman. Tamom, marradan borgan sari uzoqlashdim. Borgan sari hayot dovonlari past-balandligi oshib bordi, ish ko‘paydi, toqat yo‘qoldi, she'riyatdan ikki misra she'r yoza olmaydigan darajada uzoqlashdim, oila g‘ami paydo bo‘ldi... Haliyam abituriyentman.)

Yana bir mulohazani shu yerda aytaman, yo‘qsa, qolib ketadi: yoshi kattaroq (masalan menchalik, 27 yoshdagi) abituriyentlar o‘qishga kirishda yaxshi tayyorlansa, yoshlardan ko‘ra, kuchliroq bilimga, malakaga ega ekanligini mandatda anglab yetadilar. Nima demoqchiligimni anglolmadingizmi? Tushunib oling: 19 yoshli bolakayning haligi savollarga, testlarga aqli yetmasligi haqiqat. Katta odamlarda esa testni yechish uchun tushunish, fikrlash, jamlash yetarli bo‘ladi. Sifat emas, natija muhim bo‘ladi shu uchun ham abituriyentlarda.

Sifatga erishishning keyingi bosqichi: ota-ona. Avvalo, ulardagi nasliy qobiliyatlar va keyin aqliy qobiliyatlar. Bolani tarbiyalash birinchi ustuvor vazifa, ikkinchisi uning ta'lim olishidir. Bunda ota-ona ustozdan kattaroq mas'uliyatga ega, ASLIDA. Tarbiyali bola ko‘p qusurlardan holi bo‘ladi, shu qatorda aldovga o‘rganmaydi. Birovniyam, o‘ziniyam aldamaydigan bola keyingi ustuvor vazifa: ta'lim olishda o‘ziga talabchan bo‘la oladi. Sifat ham, natija ham shunga yarasha bo‘ladi.

Uchinchi bosqich – o‘qituvchi omili. U maktabdami, kollej/litseydami, oliy ta'limdami, eng avvalo, o‘quvchi bilimiga javobgar. Repetitor ham shu qatorda. Bugungi muvaffaqiyatlarimizga, erishgan ozmi ko‘pmi yutuqlarimizga sababchi deb ayta oladigan ustozlarni uzoqdan ko‘rsak ham borib ko‘rishamiz. Bizga ta'lim berib nuri to‘kilgan ko‘zlari bizni eshitganlarida porlab ketadigan fidoiy ustozlar uchinchi bosqich omilidir. Hamma ustozlar ham bu sharafli nomga munosib bo‘lavermaydi. Bundaylarini ham ko‘rganmiz, eshitganmiz, bilamiz. Shu yerda kichik bitta qo‘shimcha: ota-ona ustoz bilan doimiy aloqada bo‘lsa, bolaning yurish-turishidan xabar olib tursa, ustozda ham, bolada ham mas'uliyat yuki og‘ir keladi.

Yana bir fikr: oliy ta'limdagi va ba'zi “kuchli” (tibbiyot kollejidan tortib, nufuzi o‘rtamiyona) kollejlardagi ustozlarga alohida rag‘batlantirish berish kerak. “Bechoralar”ni mehnati ko‘p. Ular ta'lim muassasa nomlariga yarasha – baholariyam, beradigan bilimlariyam pullik! Tomoqlari qirilibam qolmaydi. Qirilmadimi, demak bunga qonuniy yo‘l tutish kerak. A'lochi o‘quvchilari qancha ko‘paysa – shuncha ularga rag‘batlantirishni oshirgan ma'qul, shunda o‘quvchi, talabalarga qovoq uyishmaydi. Aksincha, ko‘proq ularga bilim berishi kerakligini tushnib yetadi, chunki ertami indin tekshiruvchi kelishi bor gapku. Qani a'lochilar uchun olgan daromadingizni o‘quvchilaringiz olgan bilim bilan solishtiramiz, deganda uyalmaslik va muhimi pulni qaytarmaslik uchun ham o‘quv sifatini oshiradi. Vijdonan ham haq bo‘laveradi.

To‘rtinchi bosqich – TA'LIM MUASSASASI RAHBARIYaTI. Bu yerda gap ko‘p. Moddiy rag‘batlantirishdan tortib, ko‘cha supurishga olib chiqishgacha. Maktab (kollej, litsey, institut, universitet) yuqorida aytganimdek, dastavval vazifalari bolaga ta'lim berish. Rahbariyat esa buni ta'minlay olishidir. Qanday qilib? Shunday qilib… O‘qituvchiga to‘g‘ri talab qo‘yishi kerak. Yaqinda bir ta'lim muassasasida (qayerligini aytmayman) o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari kasalligi tufayli blyutenga chiqdi, lavozim egasi vaqtincha almashdi. Yosh kadr ekan, ishchan ekan, vijdoni kabinetda o‘tirma, tur, tashqariga chiq, darslarda qatnashmay yurgan o‘quvchilarni xonalariga xaydab sol, darsni valaqlash bilan o‘tkazadiganlarni nazorat qil degan ekan… Ana Sizga natija sifati. Besh qo‘l barobar emasda, darrovda “Yaxshiyam, vaqtincha bo‘lyapti, bo‘lmasa, sho‘rimiz qurib qolarkan” deydiganlar topildi. Yaxshi ishlaydiganlar esa o‘z ishida davom etaverdi. O‘sha halol, pok, sidqidildan ishlaydigan ustozlar uchun direktor jamg‘armasini u bu kimga yozib cho‘ntakka urmasdan, rag‘batlantirish uchun, o‘z o‘rnida sarflash kerak. Moddiy rag‘batlatirilgan odamga qarab, senga buni men yozdim, men yozmasam olarmiding, deb cho‘tar olmasa (cho‘tarmisan cho‘tar: 50%dan 90%gacha, qolsa foydasiga kommunal uchun ushlanmayu pensiyasi uchun jami hisoblandi (nachisleniya)ning oshgani qoladi, xolos) har qanday o‘qituvchi ham ishlaydi. Bunda, qolganlari ham ko‘p ehtimol bilan o‘sha mukofot uchun harakat qiladi.

Beshinchisi: Boshqarmalar, hokimiyatlar.

Indamas-da, o‘qituvchi xalqi. Shuncha kurashib, tuyaning ustiga endi mindirgan edim... Nima demoqchiligimni topdingiz, ha yana o‘sha gap. Hamma talashib, tortishib, tinmayotgan, fikrlar, qarashlar bir tarafi og‘irroq, ikkinchi tarafi esa puchroq bo‘lsada, adolat tarozisi arosat turgan mavzu. Buni ko‘p gapirmayman. Aytadiganim shuki, o‘qituvchi (va shifokorlar) yo mardikorlik qilishsin dars o‘tib, jurnal to‘ldirib, kelajak avlodga bilim berishdan ozod qilingan holda (va yoki bemorlarni qabul qilish, ular sog‘ligiga qayg‘urishdan vos kechgan holda) yoki hamma o‘z ishini qilsin. Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari darslarni qoyillatib o‘tishiga, bemorlarni davolab, retsept yozib berishiga ishonmaganim kabi, o‘qituvchi yo shifokorlarni ham obodonlashtirish xodimlari o‘rnida ko‘rish mantiqsizlik deb bilaman. (Shu o‘rinda yana bir mulohaza (ko‘payib ketdi, bilaman, lekin kerakli toshning og‘iri yo‘q): o‘qituvchilarni ikki toifaga bo‘lganimiz kabi, doktorlarniyam bo‘lish mumkin. Bu achinarli haqiqatni har qanday toifadagi, har qanday lavozimlardagi shaxslarga va o‘zligini anglab yetolmagan kimsalarga qo‘llash mumkin. Aks holda, bugun bunchalik tortishuvlar bo‘lmasdi. Prezidentimizning virtual qabulxonasida shikoyatlar, arizalar ko‘rsatkichlari bunchalik tez suratda oshmasdi.)

Shunaqa gaplar. Mavzudan ancha uzoqlashib ketdimmi? Yo‘q. Sizga bafurja qilib, OTMga kirishda baribir natija muhimligi, sifatga erishish uchun esa test savollarini ham yengillatish bu uchun maktab dasturlarini qaytadan isloh qilib, maktab bolasiga, kollej dasturlarini kollej yoshidagilarga moslashtirish kerakligini ko‘rsatishga harakat qildim.

Ana unda balki, repetitorning keragi bo‘lmas, natija va sifat birdek ko‘rinar.

Bu yil oliy ta'lim muassasalariga kirishda testlar olish tartib-qoidalari qattiq bo‘lishiga umid qilib turibman. Oliy ta'lim vaziri intervyu berdi shu haqda, viloyat teleradiokompaniyasi "Kun mavzusi" ko‘rsatuvida Andijondagi OTMlar rektorlari yig‘ilishib shu mavzuda gapirishdi.

Kuzatamiz,  kutamiz...

Javlon O‘zbek o‘g‘li,
Andijon

Top