10:56 / 31.07.2017
20875

Qozog‘iston Shimoliy Koreyaga bayonot bilan chiqdi

Foto: AFP

Qozog‘iston Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan ballistik raketaning uchirilishini qat'iy qoralaydi, Pxenyanning bu harakatlari tinchlikka tahdiddir. Bu haqda Qozog‘iston TIV bayonotida aytiladi.

"Qozog‘iston Respublikasi Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tomonidan 2017 yilning 28 iyul kuni ballistik raketa uchirilganini qat'iy qoralaydi. Bunday harakatlar BMT Xavfsizlik Kengashining rezolyutsiyalarini qo‘pol tarzda buzadi, Osiyo mintaqasi va global miqyosda tinchlikka tahdid yaratadi hamda vaziyatni beqarorlashtiradi", - deyiladi bayonotda.

Qozog‘iston TIVning fikricha, "KXDRning mas'uliyatsiz siyosati yadro qurolini tarqatmaslik global jarayoniga salbiy ta'sir ko‘rsatib, sayyoraning yadro qurolisiz kelajagini ta'minlash bo‘yicha kollektiv sa'y-harakatlarga ziyon yetkazadi".

"KXDRni yadro ambitsiyalaridan xavfsizlik va o‘z xalqi rivoji, shuningdek, butun insoniyatning manfaati uchun voz kechishga qat'iy chaqiramiz", - deya ta'kidlanadi hujjatda.

Qozog‘iston tashqi siyosat idorasining fikricha, KXDRning raketa va yadro dasturi tahdidi barcha manfaatdor tomonlarga muzokara jarayonini tezda tiklash orqali mos yechimni qidirishga undaydi.

Avvalroq amerikalik general AQSh va ittifoqchilar KXDRga qarshi kuch qo‘llashga tayyor ekani haqida ma'lum qilgandi.

 

Mavzuga oid
Top