09:32 / 03.08.2017
8625

70 mln so‘mlik soliqlarni to‘lamagan MChJ raisi jazoga tortildi

Mahmud Rahimov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) 2014 yilda “Yunona Trans servis” mas'uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, ish boshladi. Qonunlarga rioya qilib, halol faoliyat yuritgan kezlarda hamma ishi joyida edi. Ammo vaqt o‘tib M.Rahimov noqonuniy yo‘lga kirib qolganini o‘zi ham sezmay qoldi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

U 2012 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi tomonidan JKning 209-, 189-moddari tegishli bandlari bilan aybli, deb topilib, Oliy Majlis Senati tomonidan qabul qilingan amnistiya akti joniga oro kirgan, jinoyat ishi harakatdan tugatilgan edi. M.Rahimovning bu galgi harakati ko‘rning hassasini takror yo‘qotishiga o‘xshab ketadi.

M.Rahimov bilan guruh shaxslar bilan jinoiy til biriktirib, hujjatlarni qalbakilashtirish, undan foydalanish, xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish hamda ko‘p miqdordagi soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlash kabi jinoyatlarni sodir qiladi. Jumladan, 2016 yil 13 sentabr kuni “Damas” avtomashinasi haydovchisi T.Nurmatovga foydalanish maqsadida muayyan huquq beradigan “Yunona Trans servis” MChJning yo‘l varaqasini qalbakilashtirib bergani yetmaganidek, yo‘l varaqasining tegishli grafalariga “tibbiy sog‘”, “texnik soz” muhrlarini ham bosib beradi. M.Rahimov bu xatti-harakati bilan yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun litsenziyasi bo‘lmagan T.Nurmatovga qonun xilof tarzda faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratib bergan.

M.Rahimov 2015-2016 yillar davomida “Yunona Trans servis” MChJning yo‘nalishli marshrut haydovchilaridan jami 582 mln 260 ming so‘m naqd pul mablag‘larini yig‘ib olib, imi-jimida yuraveradi. Inkassatsiya shartnomasi tuzish, pullarni nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazish yoki bankka topshirish xayoliga ham kelmadi. MChJ raisi davlat byudjyetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan 70 mln. 724 ming so‘m miqdoridagi soliq va majburiy to‘lovlarni ham to‘lamadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining hukmiga binoan M.Rahimovga eng kam oylik ish haqining 150 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Mavzuga oid
Top