21:46 / 03.08.2017
18173

Baliqlar to‘dasi ichida suzayotgan akula suratga olindi

Foto: © TANYA HOUPPERMANS / CATERS

Amerikalik fotosuratchi Tanya Xuppermans noyob foto suratga oldi. U baliqlar to‘dasi ichida suzayotgan qum yo‘lbars akulalarini suratga olishga muvaffaq bo‘lgan. Xuppermansning aytishicha, bunday suratni olish milliondan bir marta keladigan omaddir, deb xabar bermoqda Daily Mail nashri.  

Qum yo‘lbars akulalari qum akulalari oilasiga mansub baliqlardir. Ular butun okean bo‘ylab keng tarqalgan va barcha tropik dengizlarda uchraydi. Umuman olganda, bu akula baliq iste'mol qiladi va odamlarga nisbatan tajovuzkor hisoblanmaydi. Biroq butun kuzatuvlar davomida bu akulalarning odamlarga hujum qilishining 30 ta holati qayd qilingan, ulardan faqatgina bittasi o‘lim bilan yakunlangan.

Qum akulalari yo‘qolib ketayotgan turlardan biri hisoblanadi. Uning suzgichlari taomlar tayyorlashda, jigari yog‘i esa lab bo‘yog‘i ishlab chiqarishda qo‘llanadi. Qum yo‘lbars akulalari ko‘pincha qarmoqqa va baliq to‘riga tutiladi. Oddiy qum akulalari Tinch okeanining shimoli-g‘arbiy qismida, Afrika g‘arbiy sohilining tropik suvlarida, Hind okeanining shimoliy qismida va Atlantika g‘arbida tijoriy maqsadlarda ovlanadi. Ular to‘rlar yordamida tutiladi. Bu akulalarning go‘shti barra, muzlatilgan, dudlangan va tuzlangan ko‘rinishda sotuvga chiqariladi. 

Top