17:29 / 03.08.2017
5171

Komilov BMT Bosh kotibining Afg‘onistondagi maxsus vakili bilan uchrashdi

2017 yilning 3 avgust kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekistonga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibining Maxsus vakili, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi (BMTAYoM) rahbari Tadamichi Yamamotoni qabul qildi. 

Uchrashuvda Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar muhokama qilindi.

Ta'kidlanganidek, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikning o‘rnatilishi, ushbu qo‘shni davlat bilan do‘stona aloqalarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan tashqi siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston masalasini hal etishning asosiy sharti Afg‘onistonda ichki kelishuvga erishishdan tashqari mintaqaviy darajada konsesus hamda yirik xalqaro miqyosda o‘zaro anglash va umumiy yondashuvlarning mavjudligi deb hisoblaydi.

Hozirgi paytda O‘zbekiston Afg‘oniston bilan o‘zaro manfaat kasb etadigan turli yo‘nalishlarda, jumladan siyosiy muloqotni, savdo-iqtisodiy va madaniy gumanitar hamkorlikni jadallashtirish orqali munosabatlarni faollashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirmoqda. Aynan shu maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili instituti tashkil etildi.

Tadamichi Yamamotoga O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyoda xavfsizlik muammolari bo‘yicha xalqaro konferensiya to‘g‘risida ma'lumot berildi. Mazkur tadbirni BMT shafeligida o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Muloqot davomida O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikning boshqa masalalari ham muhokama qilindi.

Uchrashuvda BMT Rezident-koordinatori, Taraqqiyot dasturining Doimiy vakili Helen Freyzer ishtirok etdi.

Top