18:40 / 03.08.2017
10819

Mirziyoyev jurnalistlar ijodiy uyushmasining o‘rni deyarli yo‘q ekanini aytdi 

2017 yilning 3 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda madaniyat, san'at, adabiyot va OAVdagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari hamda kelgusidagi vazifalar ko‘rib chiqildi. Yig‘ilishda barcha viloyat, shahar va tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari hamda qator idora, tashkilotlarning rahbarlari ishtirok etdi.

Videoselektor yig‘ilishida ishtirok etgan Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, Prezident jurnalistlar uyushmasi va yozuvchilar uyushmasi faoliyatiga to‘xtalib o‘tgan. Ijodkorlarning bugungi faoliyati qoniqtirmoqdami, degan savol o‘rtaga tashlangan. Bugungi ijodiy muhitda turg‘unlik bor ekani, jamiyat tafakkurining egalari bo‘lgan adabiyotchilar, san'atshunoslar, uyushmalar yaxshi ishlamayotgani aytilgan. Adabiyot va san'atning yoshlar tarbiyasidagi eng katta kuch ekani ta'kidlangan. 

Mirziyoyev jurnalistlar ijodiy uyushmasi va yozuvchilar ijodiy uyushmasining o‘rni deyarli yo‘q ekanini aytgan. Shiddat bilan o‘sayotgan zamonda ular ortda qolgani, internet va yuqori texnologiyalar rivojlangan paytda faqat yuqoridan keladigan buyruqlarni bajarib yurishgani ta'kidlangan.

Bundan tashqari, Prezident Fanlar akademiyasi, Bastakorlar uyushmasi, Badiiy akademiyaning faoliyatiga to‘xtalib o‘tib, Badiiy akademiyada 2003 yildan beri saylovlar o‘tkazilmaganini aytdi. 

Shuningdek, davlat rahbari badiiy kengash umuman ishlamayotgani, ommaviy axborot vositalarida yengil-yelpi qo‘shiqlar, kliplar, kinolar taqdim etilayotganini ta'kidlangan.

Mavzuga oid
Top