19:55 / 03.08.2017
13170

O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti TIV kengashiga raislikni Kot-d’Ivuarga topshirdi

O‘zbekiston Respublikasi 2016 yil oktabr oyidan 2017 yil iyul oyiga qadar Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raislik qildi. Mazkur xalyaro tashkilotga raislik muddati tugashi munosabati bilan Tashqi ishlar vazirligida mahalliy va xorijiy OAV vakillari uchun matbuot brifingi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri xabar qilmoqda.

Unda OAV vakillari hamda keng jamoatchilik O‘zbekistonning nufuzli tashkilot Tashqi ishlar vazirlari kengashi raisi sifatidagi faoliyati yakunlari bilan qisqacha tanishtirildi. 

O‘zbekiston TIV kengashiga raislikni 2016 yil 18-19 oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida qabul qilib olgan edi.

Sessiya yakunlariga ko‘ra 118 ta rezolyutsiya hamda Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev ishtiroki etishi sessiyaning asosiy voqeasi bo‘ldi. Davlat rahbari o‘z ma'ruzasida O‘zbekistonning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligining ustuvor maqsadlarini belgilab berdi.

Jumladan, respublikaning rais sifatidagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari deb quyidagilar belgilandi:

- IHTga a'zo davlatlarning intellektual, ilmiy-texnikaviy va texnologik salohiyatini mustahkamlash va yanada rivojlantirish;

- Islom dunyosining mutafakkirlari bo‘lmish buyuk ajdodlarimizning ko‘p qirrali diniy-ma'naviy me'roslari hamda yutuqlarini, ularning dunyo tamadduni rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini o‘rganish va keng targ‘ib qilish;

- ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish, fan va texnika sohalaridagi yangi innovatsion texnologiyalarni va boshqa yutuqlarni amaliyotga joriy qilish;
- IHT a'zo davlatlarining birligini ta'minlash, ular o‘rtasidagi mavjud ziddiyatlarni bartaraf etish, terrorizm va ekstremizm g‘oyalariga qarshi kurashda ularning sa'y-harakatlarini birlashtirish;

- Tashkilot doirasida hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish hamda o‘zaro manfaatli savdo va investitsion aloqalarni kengaytirish.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Toshkent islom universitetida Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkilotining (ISESCO) maxsus kafedrasini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbuslar ham ilgari surildi.

Respublika rahbariyati belgilab bergan ushbu ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda, shuningdek IHT Nizomidan joy olgan tamoyil va vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonning raisligi davomida tegishli ishlar bajarildi va quyidagi natijalarga erishildi:

1. 23 ta xalqaro tadbirlar tashkil etilib, ular IHT kun tartibi va faoliyatini sezilarli boyitdi. Jumladan, vazirlar darajasida 4 ta tadbir, Tashkilot Ijroiya qo‘mitasining 3 ta sessiyasi, Jidda, Nyu York, Jyeneva va Bryusselda 16 ta ekspertlar majlisi hamda qator konferensiyalar va yig‘ilishlar o‘tkazildi.

2. Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusi barcha musulmon davlatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ta'minlandi hamda 43- va 44-sessiyalarida ushbu tashabbusni amalga oshirishga bag‘ishlangan alohida rezolyutsiyalar qabul qilindi.

O‘zbekistonning IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashidagi raisligi nihoyasiga yetganiga qaramasdan biz Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish uchun yuqorida sanab o‘tilgan davlatlar va IHT bilan hamkorlikni faol rivojlantirishda davom etamiz.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ta'kidlaganidek, IHT doirasida hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish hamda o‘zaro manfaatli savdo va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish alohida ahamiyat kasb etadi. Toshkent sessiyasida 2016-2020-yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyo mintaqasi uchun IHT Maxsus dasturining qabul qilinishi ushbu vazifaning amaliy ijrosi bo‘ldi. Dastur transport va energetika tizimlari, qishloq xo‘jaligi hamda savdoni rivojlantirish uchun Islom taraqqiyot banki tomonidan 6 mlrd AQSh dollari miqdorida moddiy-texnikaviy ko‘mak ko‘rsatilishini nazarda tutadi.

4. Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro tashkilotlar doirasida o‘z faolligini oshirib bormoqda. Bu borada uning xalqaro maydondagi nufuzi tobora o‘sayotgani, erishayotgan yutuqlari, amalga oshirayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlari e'tirof etilayotganligini kuzatish mumkin.

Jumladan, IHT Bosh kotibi hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari mamlakatimizda qabul qilingan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi bilan tanishib, Prezident boshchiligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohot va o‘zgarishlarini yuqori baholashmoqda.

Inson huquqlari sohasida respublikada erishilgan yutuqlarni Islom dunyosi tan olayotganini ta'kidlash joiz. Raislik davomida qilingan amaliy tadbirlar natijasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi direktori A.Saidov IHTning Inson huquqlari bo‘yicha doimiy qo‘mitasiga saylandi va 2018 yil fevral oyidan boshlab 2021 yilga qadar mazkur qo‘mitada o‘z faoliyatini olib boradi.

5. Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha IHT Nizomida belgilangan tamoyillar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ta'kidlangan mamlakat raisligining ustuvor yo‘nalishlari ijrosini ta'minlash maqsadida, musulmon dunyosi oldida turgan dolzarb muammolar va tahdidlarga nisbatan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish yuzasidan salmoqli qadam tashlandi.

Prezident Sh. Mirziyoyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 2017 yil 21 mayda Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etdi. Sammit musulmon dunyosini ekstremizm va terrorizmga qarshi turishda birdamligini tasdiqladi. O‘zbekiston o‘z o‘rnida Saudiya Arabistoni poytaxtida Ekstremistik g‘oyalarga qarshi global markaz tashkil etilishini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi raisligida quyidagi muhim tadbirlar bo‘lib o‘tdi:

- 2016 yil 17 noyabr kuni Makka shahrida va 5 noyabr Jidda shahrida Husiylar va Solih qo‘shinlari tomonidan Makka shahriga ballistik raketa uchirilishi yuzasidan IHT Ijroiya qo‘mitasining majlisi va Tashqi ishlar vazirlari kengashining ikkinchi navbatdan tashqari yig‘ilishi;

- xalqaro terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha IHT Konvensiyasini ko‘rib chiqish yuzasidan huquqiy ekspertlarning ikkinchi yig‘ilishi (2017 yil 13 fevral, Jidda).
IHTga a'zo davlatlar o‘rtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida axborot vazirlari darajasidagi Islom konferensiyasining 11-yig‘ilishi 2016 yil 21 dekabrda Jiddada bo‘lib o‘tdi.

Bundan tashqari, Falastin muammosi, Suriya va Yamandagi mojarolar, Myanmada musulmonlar ahvoli hamda dunyoda islamofobiya omili bilan bog‘liq masalalar O‘zbekiston raisligining diqqat-eʼtiborida bo‘ldi.

Ushbu masalalarni ko‘rib chiqish uchun tadbirlar nafaqat IHT qarorgohi joylashgan Jidda shahrida, balki Bryussel, Jyeneva va Nyu Yrk kabi shaharlarda ham o‘tkazildi. O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi Doimiy vakili Yaqin Sharqda kechayotgan vaziyat haqida IHT pozitsiyasini bir necha bor Tashkilot nomidan BMT Xavfsizlik kengashida e'lon qildi.

Madaniy-gumanitar sohada e'tiborga molik quyidagi ishlar amalga oshirildi:
A'zo davlatlarda ayollar va oila muassasalari huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha vazirlar darajasidagi Konferensiyaning 1-sessiyasini o‘tkazish yuzasidan Saudiya Arabistoni tashabbusi ma'qullandi.

O‘zbekiston raisligi davrida “Xalqaro islomiy fiqh akademiyasining Ehson fondi” nizomi loyihasini hamda Bosh kotibiyat va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligini tartibga soluvchi Xartiyani ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumatlararo ekspertlar guruhlarining majlislari bo‘lib o‘tdi.

Shunday qilib, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashida O‘zbekistonning raisligi qisqa muddat davom etgan bo‘lsa-da, davlat rahbari belgilab bergan ustuvor yo‘nalishlar hamda IHT Nizomining tamoyillari va vazifalariga muvofiq muhim va aniq maqsadli ishlar amalga oshirildi.

Joriy yil 10-11 iyul kunlari Obidjon shahrida bo‘lib o‘tgan IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi 44-sessiyasida O‘zbekiston o‘z raisligini rasman Kot-d’Ivuarga topshirdi. 

Top