07:45 / 04.08.2017
34724

“Asr falokati” bilan tugashiga bir baxya qolgan samolyot qo‘nishi surati chop etildi

San-Frantsisko aeroportida bortida yo‘lovchilar bo‘lgan 4 ta samolyot bilan to‘qnashib ketishiga bir baxya qolgan vaqtda suratga olingan Air Canada samolyotining aeroportga qo‘nishga urinishi surati Associated Press axborot agentiligi tomondan chop etildi.

Suratda Airbus A320 samolyoti boshqa samolyotlar ustidan bir necha metrgina balandlikda uchib o‘tayotganini ko‘rish mumkin. Axborot agentiligining ma'lum qilishicha, tergov Air Canada bu lahzada yer ustidan bor-yo‘g‘i 18 metr balandlikda uchib o‘tganini aniqlagan.

7 iyulda Air Canada’ning Torontodan kelayotgan AC759 raqamli samolyoti uchish-qo‘nish polosasini rullash yo‘lakchasi deb qabul qilgani ma'lum bo‘lgandi. Bu paytda yo‘lakchada 4 ta samolyot bo‘lgan. Agar dispetcher samolyot ekipajini xato haqida o‘z vaqtida ogohlantirmaganda, Airbus bortida yo‘lovchilar bo‘lgan va yoqilg‘i bilan to‘ldirilgan 4 ta samolyot bilan to‘qnashib ketgan bo‘lardi. OAVning baholashicha, bu holat tarixdagi eng yirik aviafalokat bilan tugashi mumkin edi.

Voqeadan bir hafta o‘tgach, internetda Airbus 320 uchuvchilarining dispetcherlar bilan suhbati yozuvi paydo bo‘lgan. Unga ko‘ra, uchuvchi uchish-qo‘nish polosasidagi «qandaydir chiroqlar” haqida ma'lum qilgan. Bu “chiroqlar” esa aslida rullash yo‘lakchasidagi samolyotlar bo‘lgan. Dispetcher esa uchuvchini polosa bo‘shligiga, unda hech qanday chiroqlar yo‘qligiga ishontirgan. Bir necha soniyadan keyin vaziyatga boshqa bir odam, ehtimol boshqa samolyot ekipaji a'zosi aralashgan: “Bu yigit qayerga uchmoqda? U rullash yo‘lakchasi ustida-ku”. Shundan keyingina dispetcher Kanada samolyoti uchuvchisiga qo‘nishni bajarmaslikka buyruq bergan va falokatdan qutulib qolishga muvaffaq bo‘lingan. 

Mavzuga oid
Top